3 dekabr - Xalqaro nogironlar kuni

27.11.2024

#Ma`naviy va tashkiliy #Yangilik

  Nogironlar kuni butun dunyoda 32 yildan beri nishonlanib kelinayotgan ushbu kunning asosiy maqsadi nogironlar duch kelayotgan muammolarni chuqurroq anglash va hal etish, ularning qadr-qimmati, huquqini himoyalash, turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgandir. Shu o‘rinda tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak 1983 — 1992 yillar oralig‘i BMT tomonidan Xalqaro nogironlar o‘n yilligi etib belgilangan edi. Mazkur o‘n yillik yakunida, 1992-yil 14 oktyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 37-yalpi majlisida qabul qilingan rezolyutsiyaga muvofiq, 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni deb e’lon qilingan. Shu yildan buyon, har yili ushbu kunda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bayram tadbirlari o‘tkazilib, moddiy ko‘maklar beriladi. Bu kunda O‘zbekistonda ham tizimli xayriyalar va tadbirlar uyushtirilyapti. Shu fursatdan foydalanib "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universiteti “Gidrotexnika qurilishi” fakulteti dekan o‘rinbosari, fakultet dekan maslahatchisi, universitet psixologi rahbarligidagi Xor jamoasi a’zolari, fakultet tyutorlari boshchiligida bir guruh talabalar alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 101-sonli maktab-internati o‘quvchilarini bayram bilan qutlash va o‘z konsert dasturlari bilan ularning ko‘nglini ko‘tarish maqsadida tashrif buyurishdi. Xor jamoasi a’zolari va fakultetning faol talabalari boshchiligida tashkil etilgan raqs jamoasi hamkorligidagi chiqishlari tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi. Maktab-internatning ma’naviyat va ma’rifat ishlari o‘rinbosari S.Sh. Almatova o‘tkazilgan tadbirdan mamnun bo‘lib bu tadbirni uyushtirganlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

"GTQ" fakulteti dekan maslahatchisi F.Yunusova va tyutor D.Xursandovalar axboroti

TIQXMMI MTU matbuot xizmati