Energetikaga e’tibor - elga ehtiromdir

21.11.2024

#Ma`naviyat #Yangilik

 Energetikaga e’tibor - elga ehtiromdir

 Yaqinda o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining o‘tkazilgan yig‘ilishlarida ham Prezidentimiz tomonidan e’tirof etilgan muhim masalalardan biri aynan elektr energiyasi bilan bog‘liq mulohazalar bo‘ldi.

  Jumladan, Prezidentimiz aniq raqamlar bilan bog‘liq istiqbolli rejalar haqida gapira turib quyidagilarni ta’kidladi. "Kelgusi besh yilda elektr energiyasi ishlab chiqarishni kamida 80 milliard kilovatt soatga yetkazish, shuning kamida 20 foizini qayta tiklanadigan energiya manbalari hisobidan ta’minlash talab etiladi. Shuningdek, 2020-yilda elektr energiyasi bo‘yicha 7 million, 2022-yilda tabiiy gaz bo‘yicha 3,5 million iste’molchilarni hisobga olish va ularning avtomatlashgan nazorat tizimiga ulanishini ta’minlash uchun Hukumat zarur chora-tadbirlarni ko‘rishi kerak."

  Bu fikr hammamizning faoliyatimizga bog‘liq.

  Universitetimizning "Energetika" fakulteti dekani Abdusaid Isaqov mavzu yuzasidan quyidagilarni so‘zlab berdi. "Toshkent shahar Yashnobod tumanida energiya resurslarini tejash va yo‘qotishlarni kamaytirish borasida ilmiy-texnikaviy o‘rganish olib borilayotgani ham Prezidentimiz da’vatlariga oqilona va amaliy javobdir desak, o‘rinli bo‘ladi."

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-222-sonli qarori ijrosini ta’minlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2024-yil 08-noyabrdagi “Toshkent shahri energiya resurslarini tejash va yo‘qotishlarni kamaytirish borasida ilmiy-texnikaviy o‘rganishlar olib borish to‘g‘risida”gi 420-sonli buyrug‘ida keltirilgan topshiriqlarni amalga oshirish maqsadida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Energetika fakulteti professor-o‘qituvchilari A.Isaqov va Y.Chulliev Toshkent shahrida faoliyat olib bormoqda.

  Barchamizga ma’lumki, Bosh prokuratura, Energetika vazirligi, “O‘zenergoinspeksiya” va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda “Yoqilg‘i-energetika resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish yuzasidan” qo‘shma qaror qabul qilindi. Ushbu qaror bilan joriy yilning noyabr oyi “Energetika xavfsizligi oyi” deb e’lon qilindi. 

  Yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarini bartaraf etish va oldini olish, ulardan samarali va oqilona foydalanish hamda iste’molchilar tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga rioya etish barchamizning burchimizdir.

  Turar joylar va tadbirkorlik subyektlarida energiyadan noqonuniy foydalanish, elektr va gaz tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish yoki talon-toroj qilish holatlari uchun qonunchilikda belgilangan tartib va qoidalar mavjud. 

  Toshkent shahrida energiya resurslarini tejash va yo‘qotishlarni kamaytirish borasida ilmiy tadqiqotlar davom etmoqda va professor-o‘qituvchilar tomonidan ko‘plab muammolar o‘rganilmoqda. Elektr va issiqlik energiyasidan samarali foydalanish va ortiqcha yo‘qotishlarning oldini olish yuzasidan ilmiy tavsiyalar ishlab chiqilmoqda.

Universitet matbuot xizmati