Ma’naviy-ma’rifiy masalalar muhokamasi

16.11.2024

#Ma`naviy va tashkiliy

  Xalqimizda “Rejasiz ish - qolipsiz g‘isht” degan naql bor. Reja - maqsad, uning mohiyati esa bevosita amaliyot bilan izohlanadi. Axborot va hisobotdan ko‘zlangan maqsad ham aslida, shu bo‘ladi.

  “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining  MA’NAVIYAT VA MA’RIFAT KENGASHIning Kengaytirilgan navbatdagi yig‘ilishida ana shu masalaga e’tibor qilindi.

  Universitetning ma’naviy-ma’rifiy sohada 2023-2024 o‘quv yili yakuni hamda Strategik maqsad va rejalari to‘g‘risidagi masala kun tartibiga qo‘yildi. 

  Yig‘ilishda fakultetlar dekan o‘rinbosarlari, bo‘lim boshliqlari, tyutorlar va bir qator mutasaddi xodimlar ishtirok etishdi.

  Tadbirda universitetning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor, professor Ruzimurat Choriyev tahliliy hisobot va tanqidiy axborot berdi. 

  Universitetda olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy jarayondagi erishilgan yutuq va yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklarni ro‘yi rost e’tirof etdi. Buning asosiy sababi har bir xodimning o‘z vazifasi va kasbiga bo‘lgan munosabati bilan bog‘liqligini uqtirdi. O‘z ishiga, voqelikka panja orasidan qaralgan joyda muvaffaqiyatlar bo‘lmasligi ayon. 

  Universitetdagi faol jarayon va yutuqlar sifatida “Ilhom buloqlari” kitobining 4-jildi, “Makon va zamon” hamda “Tarannum” jurnalining chop etilishi, talabalarning yashash va o‘qishdagi natijalari, o‘lkamizning tarixiy yodgorliklari bor bo‘lgan shahar va viloyatlarga safari hamda kelgusida amalga oshirish zarur bo‘lgan 8 ta strategik maqsadlar haqida  mukammal tayyorlangan taqdimot orqali batafsil ma’lumot berdi.

  So‘ngra taqdimot yuzasidan Universitetimizga IIV tomonidan biriktirilgan mayor Afzal Ubaydullayev o‘z mulohazalarini bildirdi hamda ayrim talabalarning xati - harakatidagi noma’qul holatlar haqida so‘z yuritib barcha mas’ullarni hushyorlikka, ogohlikka da’vat etdi. 

  So‘ngra universitet xotin-qizlar masalalari bo‘yicha Maslahat kengashi raisi, professor Zuhra Karabayevna Ismoilova talabalarning xatti-harakatlariga munosabat  bobida tyutorlarning faoliyati yetarli emasligini qayd etdi. Dekan o‘rinbosarlari haqida ham shunga yaqin tanqidiy mulohazalarni bildirdi. 

  Keyin esa “Ekologiya va huquq” fakultetining dekan o‘rinbosari Aziz Binaqulov ham o‘z fikr-mulohazalari bilan chiqish qildi. U ayrim muammolarni hal etishda birgalikda, hammaslaklikda ish tutish foydadan xoli emasligini qayd etdi.

  Tadbir yakunida R. K.Choriyev masalalarning muhokamasi va yechimida xuddi bugungidek yuzma-yuz gaplashish natijali va samarali bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.

Universitet matbuot xizmati