Is’hoqxon ibrat nomidagi Namangan Davlat Chet Tillari Instituti va “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy Tadqiqot Universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
01.11.2024
Joriy yilning 28-oktyabr sanasida “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti “Ingliz tili” kafedrasi dotsenti xizmat safari bilan Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutiga tashrif buyurdi.

Ushbu xizmat safari davomida institutning “Xotin qizlar qo‘mitasi” raisi va “Talpin up” nomli xotin-qizlar jamoasi ishtirokida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti “Ingliz tili” kafedrasi dotsenti Go‘zal Eshchanova tomonidan seminar-trening tashkil qilinib, ushbu anjumanda xotin-qizlarning xalqaro stipendiya tanlovlarida ishtirok etishlari uchun mavjud imkoniyatlar, Britaniya Kengashining IELTS xalqaro sertifikatini qo‘lga kiritishda qo‘llab-quvvatlovchi Til o‘rgatish markazlari faoliyati va ikkala universitet o‘rtasida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan keng imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.

Bundan tashqari Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutining “Xorijiy tillar” kafedrasi professor-o‘qituvchilari bilan davra-suhbati tashkil qilinib, kafedralar aro yo‘lga qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xalqaro faoliyatlar bo‘yicha ham istiqboldagi rejalar tuzildi.
Shuningdek, Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida tashkil qilingan Kengash raisligida PhD falsafa fanlari doktori ilmiy unvonini olish uchun yozilgan dissertatsiya muhokamasida dotsent G.Eshchanova rasmiy opponent sifatida ishtirok qildi.

Xizmat safari yakunida Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti va “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti o‘rtasida Memorandum imzolandi.
Umid qilamizki, bu kabi faoliyatlar viloyat va poytaxt Oliy ta’lim Muassasalarini yaqin hamkorlikda ishlashga undaydi va ta’limda yanada ijobiy natijalarni qo‘lga kiritishda katta imkoniyatlar eshiklarini ochadi.