Oliy ta'lim islohoti bo'yicha ekspertlar guruhi Finlandiyada

05.09.2024

#Yangilik

Joriy yilning 3-4 sentabr kunlari Oliy ta'lim islohoti bo'yicha ekspertlar guruhi Finlandiyaning Tampere amaliy fanlar universitetida “Joriy va kelgusida ish bilan ta'minlash, innovatsiya va barqaror ekotizimlar uchun universitet-ishlab chiqarish hamkorligini kuchaytirish” (Enhancing University-Industry Collaboration for Current and Future Employment, Innovation, and Sustainable Ecosystems) mavzusida tashkil etilgan tajriba-almashinuv o'quv seminarida ishtirok etmoqda. Ular orasida "TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti Xalqaro reyting faoliyatini monitoring qilish bo'limi boshlig'i, Geodeziya va Geoinformatika kafedrasi assistenti Ilxom Abduraxmanov ham bor. 

Safardan ko'zlangan asosiy maqsad - ilg'or amaliyotlarni o'rganish, bilim almashish va oliy ta'lim rahbariyati, xorijlik oliy ta’lim islohoti bo'yicha ekspertlar bilan tanishish, tajriba almashish va hamkorlik qilish, shuningdek, universitet-ishlab chiqarish hamkorligini kuchaytirish bo’yicha tajriba almashishdan iborat.

Mazkur tadbir davomida ekspertlar quyidagi mavzular bo'yicha Tampere amaliy fanlar universitetining (TAMK) tajribasi bilan yaqindan tanishdilar:

- tadqiqot, rivojlanish, innovatsiya va xususiy sektor bilan hamkorlik;

- shahar hokimiyati bilan hamkorlik;

- ishlab chiqarish tashkilotlari va xususiy kompaniyalar bilan hamkorlik hamda ularning ta'siri;

- barqaror ishlab chiqarish ekosistemasi;

- xorijda va Finlandiyada malaka oshirish;

- aktiv laboratoriyalar va ilmiy tadqiqotlarni tijoratlashtirish;

- pedagogik qobiliyat va kompetensiyalar;

- o'quv rejalarini ishlab chiqishda ishlab chiqarish tashkilotlari bilan hamkorlik;

- malaka oshirish kurslarini tashkil etish;

- bitiruvchilar (alumni) bilan ishlash tizimi;

- ijtimoiy majburiyatlar: qiymat va reputatsiya.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilari TAMK universitetining bir qator laboratoriyalariga tashrif buyurib, ular bilan yaqindan tanishdilar.

2 kunlik tadbir davomida erishilgan natijalar quyidagilardan iborat:

• TAMKda universitet-sanoat strategik hamkorligi, uning atrof-muhit bilan bog'liqligi haqida ma'lumot olindi;

• tadqiqot, rivojlanish va innovatsiyalar uchun universitet va sanoat hamkorligining amaliy misollari bilan tanishildi;

• OTM mahalliy ish bilan ta'minlanish va barqarorlik maqsadlariga qanday hissa qo'shishi mumkinligi va shu maqsadda hamkorlikni rivojlantirish masalalari o'rganildi;

• Oliy ta'lim islohoti bo'yicha ekspertlari kontekstida o'xshash hamkorlik modellarini amalga oshirish strategiyalari aniqlab olindi.