Dala sharoitidagi eksperiment - ilmiy ma’lumotlarni olishda ishonchli usul

22.08.2024

“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining yosh tadqiqotchilari “O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi sharoitida suv, energiya va oziq-ovqat xavfsizligiga erishish uchun barqaror suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari” nomli “O‘zbekiston-Germaniya” hamkorligidagi “SusWEF” ilmiy loyihasi va o‘zlarining dissertatsiya ishlari dasturlari doirasida doktorant Gulamov Sardor hamda tayanch doktorant Karimova Madina pilot uchastkalarda dala eksperimentlarini o‘tkazishmoqdalar.

2 avgust kuni prof. M.Avlakulov, prof. A.Hamidov va dots. J.Ishchanovlar dala tadqiqotlari olib borilayotgan Qarshi tumani Cho‘l ota hududidagi “Shodi o‘g‘li Salim” va “Sharapov Yusuf” fermer xo‘jaliklarida bo‘lib, dala tadqiqotlarini tasdiqlangan uslubiyatlar asosida olib borilayotganini va olingan ma’lumotlarni aprobatsiyadan o‘tkazishdi.

Tadqiqotlarning asosiy maqsadi bo‘lib, sho‘rlangan va sho‘rlanmagan tuproqlarda g‘o‘zani  tomchilatib sug‘orish texnologiyasining sug‘orish texnikasi elementlarini maqbul parametrlarini aniqlash hamda sho‘rlangan tuproqlarda   g‘o‘zani  tomchilatib sug‘orish texnologiyasining samaradorligini oshirish maqsadida  BioProFito biostimulyatorini qo‘llash muddat va me’yorlarini aniqlash hisoblanadi.

Ushbu loyiha hamkorlari Germaniyaning Leybnis nomli agrolandshaftlarni tadqiq qilish ilmiy tadqiqot markazi (ZALF) olimlari bo‘lib, loyihani  Germaniya tomonidan Ta’lim va Tadqiqotlar Vazirligi (BMBF) moliyalashtirmoqda. Loyiha rahbari prof. A.Hamidov ham tajriba maydonlarida bo‘lib, yanada yaxshi ilmiy natijalarga erishish uchun dalalarda suv isrofgarchiligini cheklash bo‘yicha o‘z ilmiy maslahatlarini berdi.

 

Tadqiqotchilarning axboroti