TIQXMMI yangiliklari

img
04.12.2022

Nazariya va amaliyot uyg‘unligi taraqqiyot omili

Joriy yil 2-dekabr kuni “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti hamda "Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati mutasaddilari o‘rtasida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda "Olmaliq KMK" AJ boshqaruv raisining maslahatchisi E.Jumaev, bosh muhandisining ilm-fan bo‘yicha o‘rinbosari A.Hasanovlar boshchiligidagi bir guruh kombinat mutasaddilari hamda universitetning tegishli sohaga aloqador olimlari, fakultet dekanlari, prorektorlar ishtirok etishdi. Tadbirni “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Tohirjon Sultanov olib bordi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti olimlari bilan hamkorlikda "Olmaliq KMK" AJ bilan ilmiy-amaliy hamkorlikni o‘rnatish, sohadagi mavjud muammolarni birgalikda yechimini topishdir.  Tadbir yakunda kombinatga olimlarning tashriflarini tashkil etish hamda universitet va kombinat o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida shartnoma va memorandumlar tuzishga kelishib olindi. 

Tadbirda so‘z yuritilganidek "Olmaliq KMK" AJ Respublikamizda konchilik va metallurgiya sanoatida 38 000 nafardan ortiq konchi-metallurgni birlashtirgan, O’zbekiston rangli metallurgiyasining bayroqdori hisoblanadi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 40 dan oshiq millat va elat vakillari bo‘lgan konchi-metallurglar mehnat qilishadi. O‘zining 70 yillik tarixi davomida mamlakatimiz iqtisodiy salohiyati rivojiga munosib hissa qo’shib kelayotgan “Olmaliq KMK” AJ O‘zbekistondagi eng yirik sanoat korxonalaridan biridir.

Xozirda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatini uzoq muddatda modernizatsiya qilish bo‘yicha dastur ishlab chiqilgan bo‘lib, dasturda qimmatbaho metallarni ishlab chiqarish va qayta ishlashga ilg‘or xorijiy tajribani joriy qilish ko‘zda tutilgan.  Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu dasturni tatbiq etish uchun taxminan 300 million dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi.

Bu esa yiliga mis ishlab chiqarish hajmini 109 ming tonnadan 140 ming tonnagacha, rux metallini ishlab chiqarishni 78 ming tonnadan 120 ming tonnagacha, oltingugurt kislotasi ishlab chiqarishni qariyb ikki barobar - 845 ming tonnadan 1,6 million tonnagacha oshirish imkonini beradi. Qimmatbaho va nodir metallarni qazib olish hamda qayta ishlash avvalgi yillarga nisbatan 1,3 martaga ortadi. Tabiiyki ushbu loyihalarning istiqboli har jihatdan bevosita ilmga bog‘liq. Ilmga asoslanib amalga oshirilgan har qanday loyiha uzoq muddat davom etadi va har tomonlama foydali bo‘ladi.

Ilmiy-tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash bo‘limi axboroti