TIQXMMI yangiliklari

img
09.12.2021

Kim ekan u o’z baxtining me'mori

Joriy yilning 7 dekabr  kuni YRB fakulteti 1-2-kurs talaba qizlari bilan institut psixologi M.K. Muxamedova, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, shoira, jurnalist, Lashkarbegi MFY faoli M.S. Abdusamatova, Lashkarbegi MFY oila, xotin-qizlar  va ijtimoiy ma'naviy masalalari bo'yicha rais o'rinbosari Z.M. Rasuliy, H. Olimjon MFY oila, xotin-qizlar  va ijtimoiy ma'naviy masalalari bo'yicha rais o'rinbosari M. Shirmuxamedova va YRB fakulteti yoshlar bilan ishlash bo'yicha dekan muovini H.Eshovalar birgalikda “Hayoting o'z qo'lingda” mavzuida davra suhbati o'tkazishdi.Tadbir ayni kunlarda jamiyatimizda suitsid holatlarining ko'payib borayotgani tufayli, bunday hodisalarning oldini olish va profilaktika qilish, qizlarning o'zlariga bo'lgan ishonchlarini kuchaytirish, hayotlarida yuz beradigan negativ hodisalarni pozitiv jihatlarini ko'rishga immunitet hosil qilish maqsadida tashkil etildi. Tadbirda O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, shoira, jurnalist, Lashkarbegi MFY faoli M.S. Abdusamatova so'zga chiqdi va qizlarga hayot saboqlaridan o'gitlar, mavzuga doir she'rlar o'qib tadbirning fayziga fayz kiritdi.

Tadbir davomida yig'ilish ishtirokchilaridan “Shaxsning suitsidga moyilligini aniqlash” Z. Korolyova testi, “Hayot – bu...”, “Hayot.......uchun insonga beriladi”, “Hayotimdagi yaxshi narsalar”, “Men uchun hayotimdagi eng qadrli narsa”, “Hayotimni sevaman chunki...” mavzuida mashg'ulotlar o'tkazildi. Tadbirda A. Oripovning suitsid mavzusiga oid “Adi – badi haqida rivoyat” she'ri o'qib, muhokama qilindi. Tadbir davomida Lashkarbegi MFY oila, xotin-qizlar  va ijtimoiy ma'naviy masalalari bo'yicha rais o'rinbosari Z.M. Rasuliy, H. Olimjon MFY oila, xotin-qizlar va ijtimoiy - ma'naviy masalalari bo'yicha rais o'rinbosari M. Shermuxamedovalar yig'ilish ishtirokchilariga o'z joniga qasd qilishning oqibatlari haqida diniy va dunyoviy tomondan tushunchalar berib o'tishdi. Tadbirda YRB fakulteti yoshlar bilan ishlash bo'yicha dekan muovini H.Eshova va YRB fakulteti tyutorlari: M.Vafoyeva, S.Ibragimova, D. Xursandovalar ham faol ishtirok etishdi.

Tyutor M.Vafoyeva yig'ilish ishtirokchilarining hayotiy faolliklarini oshirishga chorlaydigan, motivatsiya beradigan, muammoni – imkoniyat deb qarash to'g'ri ekani haqida nutq so'zlab, yig`ilish ishtirokchilarida katta taassurot uyg`otdi. Tadbir so'ngida O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, shoira, jurnalist, Lashkarbegi MFY faoli M.S. Abdusamatova taklifi bilan yig'ilish ishtirokchilarining kayfiyatlarini yanada oshirish maqsadida, “Art terapiya” usulidan foydalanib, “Namanganning olmasi” laparini barcha yig'ilish ishtirokchilari birgalikda kuylagan holda tadbir o'z yakuniga yetdi.

 

TIQXMMI  matbuot xizmati