“Sun’iy intellekt falsafasi: tarixiylik va zamonaviylik dialektikasi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya

23.05.2026

#Ta`lim #Xalqaro hamkorlik

2026-yilning 22-may kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetida “Sun’iy intellekt falsafasi: tarixiylik va zamonaviylik dialektikasi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

Mazkur konferensiyada universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, davlat va jamoat vakillari, respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalari olimlari va tadqiqotchilari, talabalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Ochilish marosimida sun’iy intellekt falsafasining tarixiylik va zamonaviylik sharoitidagi ahamiyati, raqamli jamiyat shakllanishi, inson kapitali, innovatsion tafakkur rivoji, shuningdek, sun’iy intellektning ta’lim va tarix fanidagi imkoniyatlari haqida muhim ilmiy fikrlar almashilishi ahamiyati alohida ta’kidlandi.

Konferensiya ma’ruzachilari tomonidan globallashuv sharoitida jamiyatda roli oshib borayotgan sun’iy intellektning falsafiy masalalarini o‘rganish va chuqur tahlil etish dolzarb ekani borasida fikr bildirildi. Shu bilan birga Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida mazkur fan sohasi oldida turgan vazifalar nimalardan iborat ekani, ayniqsa, falsafa, tarix, axborot texnologiyalari va ijtimoiy fanlar kesishgan nuqtada olib boriladigan tadqiqotlar sun’iy intellektning kelajak istiqbollarini yanada chuqurroq anglash imkonini berishi borasida atroflicha tahlillar keltirildi.

Shuningdek, tadbir sho‘balarda ham davom etib xorijdan tashrif buyurgan soha mutaxassislari, yosh olim va tadqiqotchilar tomonidan qilingan ma’ruzalar konferensiyaga yanada mazmun bag‘ishladi.