Toshkentdagi maktabda tajriba tariqasida 11 yillik ta’lim qayta tiklanadi

Prezident taklifiga binoan Uchtepa tumanidagi 78-maktabda tajriba tariqasida 11 yillik ta’lim qayta tiklanadi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev juma kuni Toshkentning Uchtepa tumani bilan tanishish jarayonida 78-umumta’lim maktabini borib ko‘rdi, deb xabar qildi O‘zA.

Prezident maktab bilan kollejlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlash, xususan, ushbu maktabda tajriba sifatida 11 yillik ta’limni qayta tiklash, uning qoshida o‘quv-kasb korxonasi tashkil etish zarurligini ta’kidladi.

«Yuqori sinflarda bolalar shaxs bo‘lib, jamoa bo‘lib shakllanadi, — dedi davlat rahbari. — Ayni o‘sha paytda ularni o‘zlari o‘rgangan muhitdan ajratib qo‘ymaslik kerak. Bu yoshlarning ruhiyatiga, davomatiga, oxir-oqibatda ta’lim-tarbiyasiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Shu bois ta’lim jarayonining usluksizligini ta’minlash, o‘quv dasturlarini takomillashtirish zarur».

Uchtepa tumanida Shavkat Mirziyoyev bunyod etilishi rejalashtirilayotgan ko‘ngilochar va istirohat bog‘i loyihasi bilan ham tanishdi.

6 gektarga yaqin maydonga ega mazkur istirohat bog‘ida zamonaviy, xavfsiz, energiyatejamkor attraksionlar, bolalarning intellektual salohiyatini oshiradigan o‘yin qurilmalari, suzish havzasi, favvora, kitobxonlik uchun maxsus joy, skeyt va gullar maydonchalari, savdo shoxobchalari, avtomobillar turadigan joy va boshqa zarur infratuzilma inshootlari qurilishi ko‘zda tutilgan.

Prezident istirohat bog‘i loyihasini yanada mukammalashtirish, uning atrofida zamonaviy gipermarket bunyod etish, unda zamonaviy kinoteatr, kutubxona va boshqa zarur dam olish maskanlari bo‘lishi, bunyodkorlik ishlarida Janubiy Koreya, Yaponiya kabi davlatlar tajribasidan foydalanish zarurligini ta’kidlab, mutasaddilarga zarur ko‘rsatmalar berdi.

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *