Ilmiy jurnallar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 19 apreldagi «2013-2017 yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilinib, irrigatsiya-melioratsiya tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha keyingi besh yillik uchun davlat dasturi tasdiqlandi. Mazkur dasturning ijrosi bo‘yicha bugungi kunda davlat suv xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan 27,7 ming km irrigatsiya tizimi, 41,2 ming km kollektor-drenaj tarmog‘i, 1600 tadan ortiq nasos stansiya va boshqa suv xo‘jaligi inshootlari, suv iste’molchilari uyushmalari va fermer xo‘jaliklari tomonidan esa 157,1 ming km sug‘orish va 99,8 ming km kollektor-drenaj tarmog‘i, 8,5 mingdan ortiq nasos agregat va boshqa inshootlar iqtisodiyot tarmoqlari va sug‘oriladigan yerlarni suv bilan ta’minlashga, yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Yuqoridagi ishlarni amalga oshirishda va ularni ilmiy metodologiyasini yaratish, Suv resurslarini hisobga olish, oqilona boshqarish, ularni iqtisod qilish va samarali foydalanish masalalari bo‘yicha Respublika kengashining 2014 yil 24 iyuldagi 104-sonli majlis bayoni bilan 2014 yilda institutda “Irrigatsiya va Melioratsiya” ilmiy-texnika jurnalini chop etishga ruxsat berilib, jurnal O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Hozirgi kungacha “Irrigatsiya va Melioratsiya” ilmiy-texnik jurnalining to‘qqizta soni nashrdan chiqarilib, suv xo‘jaligi sohasida oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tadqiqot institutlari, ilmiy-ishlab chiqarish markazlari, loyiha korxonalari va suv xo‘jaligi tashkilotlarida suv resurslarini samarali boshqarish va ulardan oqilona foydalanish, suvni iqtisod qiluvchi ilg‘or texnika va texnologiyalarni joriy qilish, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash, qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish, shuningdek suv iste’molchilari uyushmalari va fermer xo‘jaliklarini yanada rivojlantirish borasidagi ilmiy-tadqiqot, loyiha-konstruktorlik ishlari, ilg‘or tajribalarning natijalari, fan va texnika yangiliklari, qishloq va suv xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga oid O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va ularning ijrosi sharhlovchi ilmiy-amaliy, tahliliy-tavsiyaviy yo‘nalishdagi maqolalarni o‘z sahifalarida yoritib kelmoqda.


“IRRIGATSIYA va MELIORATSIYA” jurnalida chop etish uchun maqolalarni
rasmiylashtirishga qo‘yiladigan
TALABLAR

1. Tahririyatga taqdim etilayotgan qo‘lyozma bo‘yicha muallif ilmiy-tadqiqot ishi olib borayotgan tashkilot rahbariyatining yo‘llanma xati, maqolani chop etish mumkinligi xaqidagi ekspert xulosasi hamda taqriz bo‘lishi kerak. Maqola o‘zbek, rus yoki ingliz tilida yozilishi mumkin. Maqola nomi, UDK hamda uning 10-12 qator xajmdagi annotatsiyasi o‘zbek, ingliz va rus tillarida berilishi lozim.
2. Tahririyatga qo‘lyozma matni ikki nusxada topshiriladi, ikki nusxa ham barcha mualliflar tomonidan imzolanadi. Maqolaning elektron ko‘rinishi ham taqdim etiladi. Maqola mualliflarining familiyalari, ism-sharflari, ish joyi va lavozimi, manzillari, elektron manzillari (E-mail) hamda xizmat va uyali telefon raqamlari ko‘rsatilgan ma’lumotnoma beriladi.
3. Maqolalar matni “MS Word 2003” dasturida “Times New Roman” shriftida 12 o‘lchamda terilgan bo‘lishi kerak.
4. Maqola xajmi bir intervalda bosilgan matn hisobida (jadvallar, rasmlar va adabiyotlar ro‘yxati bilan birgalikda) 6 betdan oshmasligi kerak. Ayrim xollarda, agar muayyan mavzu bo‘yicha maqolaga buyurtma berilgan bo‘lsa, maqola xajmi
ko‘proq bo‘lishi mumkin. Matn chegarasi o‘lchami: yuqori va pastdan – 2,0 sm , chapdan – 3,0 sm , o‘ngdan 1.5 sm bo‘lishi kerak.
5. Maqola boshida (berilgan o‘lchamda bosh harfda, o‘rtada, qalin qilib) maqolaning nomi, undan keyingi qatorda muallif(lar)ning familiyasi va ism-sharifi, ish joyi (OTM, tashkilot muassasa nomi) kichik bosma xarfda teriladi. Keyingi qatordan 10-12 qator xajmdagi maqola annotatsiyasi o‘zbek, rus va ingliz tillarda yoziladi. Bir intervaldan so‘ng maqola matni teriladi.
6. Maqola bo‘lim va punktlarga bo‘linishi mumkin. Bo‘limlarning nomi qalin shriftda alohida qatorda tegishli ravishda kichik bosma (qalin) xarflar bilan terilib, matn chap tomonidan tekislanadi. Punktlar nomi matnning birinchi qatoriga (qalin qilib) kiritiladi. Maqola yakunida xulosa va tavsiyalar berilishi kerak.
7. Adabiyotlar ro‘yxati maqola oxirida, matndagi xavolalar ketma-ketligi tartibida beriladi. Adabiyotlar ro‘yxatida quyidagilar ko‘rsatiladi: a) jurnalda bosilgan maqolalar va ma’ruza tezislari uchun- muallifning familiyasi, ismi sharfi, maqolaning nomi, jurnalning nomi, nashr yili, soni yoki qismi va betlari; b) kitoblar uchun – muallifning familiyasi, ismi sharifi, kitobning nomi, nashr joyi (shahar), nashriyot nom i, nashr yili, betlari.
8. Tahririyat barcha maqolalarni taqrizdan o‘tkazadi.
9. Yuqoridagi talablarga javob bermaydigan maqolalar ko‘rib chiqishga qabul qilinmaydi va chop etishga tavsiya qilinmagan maqolalar mualliflarga qaytarilmaydi. Maqolani ko‘rib chiqish natijalarini muallif maqola tahririyatga kelib tushgan kundan boshlab bir oy o‘tgandan keyin 237-19-78 telefon orqali bilishi mumkin. Ye-mail: i_m_ jurnal@e-tiiame.uz.
Maqolalarda keltirilgan ma’lumotlarning xaqqoniyligiga muallif(lar) javobgardir.
Tahririyat manzili: 100000.Toshkent shahri, Qori Niyoziy ko‘chasi, 39. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, 11-bino, 220-xona.
E-mail: i_m_ jurnal@e-tiiame.uz