Abituriyent-2018

Bu yilgi test sinovlari jarayonini abiturientlarning ota-onalari onlayn tarzda kuzatishi uchun imtihonlar o‘tkaziladigan joylar zarur asbob-uskunalar bilan jihozlanadi, deb xabar qildi DTM matbuot-xizmati.

2018 yil 3 aprel kuni Vazirlar Mahkamasining "Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi 261-son qarori chiqdi.

Mazkur qaror bilan O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom, bakalavriatga test sinovlarisiz, kasbiy (ijodiy) imtihonlar orqali o‘qishga qabul qilish bo‘yicha ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati tasdiqlandi.

Xususan, qarorga ko‘ra, Davlat test markazi tomonidan berilgan ruxsatnoma asosida unda belgilangan kun test sinovlari o‘tkaziladigan bino shtabida test sinovi jarayonini kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi.

Test sinovlari kunduzgi, maxsus sirtqi va kechki (smenali) ta’lim uchun har yili 1 avgustdan 15 avgustgacha bo‘lgan muddatda, kuniga ikki smenada o‘tkaziladi. Birinchi smena soat 08:00 da, ikkinchi smena soat 15:00 da boshlanadi. Yangi tartibga ko‘ra abiturientning test sinoviga kelish sanasi va vaqti uning ruxsatnomasida ko‘rsatiladigan bo‘ldi. Abiturient uchun mazkur sana va vaqt qat’iy hisoblanib, boshqa sana va vaqtda test sinovlarida ishtirok etish uchun ruxsat berilmaydi.

Abiturientlar tanlangan ta’lim yo‘nalishiga qarab tegishli ravishda bir, ikki yoki uchta fan majmuasi bo‘yicha test sinovini topshiradi.

Binolarni tayyorlash, videokuzatuvlar orqali jamoatchilik, shu jumladan abiturientlar ota-onalarining kirish test sinovlari jarayonini onlayn tarzda kuzatib borishlari, abiturientlarni shaxsni identifikatsiyalash vositalari hamda videofiksatsiya qurilmalari orqali binoning tegishli hududiga kiritish, o‘tkazilgan test sinovlari jarayoni bo‘yicha barcha video yozuvlar saqlanishi uchun sharoitlar yaratish Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari hamda O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan ta’minlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi jarayon bo‘yicha videoyozuvlarni saqlaydi va ularni test sinovlari o‘tkazilgan kunning ertasiga Davlat test markaziga topshiradi.

Binoda test sinovi jarayonini to‘liq nazorat qilish uchun 30 nafar abiturientga bitta statsionar video kuzatuv tizimi o‘rnatiladi, jarayonni abiturientlarning ota-onalari onlayn tarzda kuzatishi uchun zarur asbob-uskunalar bilan jihozlanadi, binoda bir nafar abiturientga 2 m2 dan kam bo‘lmagan joy tayyorlanadi.

Abiturientlarga ruxsatnomalar oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan 29-31 iyul kunlari test sinovlari o‘tkaziladigan binolarning chizma nusxasi va "Abiturientlarga eslatma"ni ilova qilgan holda qaydnoma asosida tarqatiladi.

Binoga kirishning Nazorat o‘tkazish joyida xizmat olib borayotgan xodimlar tomonidan tekshiruv vaqtida abiturientda taqiqlangan buyum yoki boshqa vosita mavjudligi aniqlangan taqdirda shu joyga biriktirilgan Davlat test markazining vakili xabardor qilinadi va abiturient binoga kiritilmaydi.

Yana bitta muhim holat — test sinovi topshirish jarayonida videokuzatuv orqali abiturientning tartib va qoidalarga amal qilayotgani yoki qilmayotganligi kuzatib boriladi. Mabodo tartibbuzarlik holati aniqlansa, abiturient jarayondan chetlatiladi;

Apellyatsiya haqida: test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abiturient 20 avgustdan 30 avgustgacha, belgilangan ish vaqtiga muvofiq, dam olish kunlarisiz o‘n bir kalendar kuni davomida yozma va elektron shaklda apellyatsiya shikoyatini berish huquqiga ega.

Apellyatsiya shikoyati Davlat test markazida hamda uning hududiy bo‘limlarida qabul qilinadi.

Qarorning to‘liq matni

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va sohalarida ehtiyoj yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislarni sifatli tayyorlashni ta’minlash, bakalavr va magistrlarni tayyorlashda ish beruvchilarning joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini inobatga olgan holda son va ta’lim yo‘nalishlari uyg‘unligiga erishish, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari mehnatidan tarmoq, hududiy va maqsadli loyihalar portfellarini inobatga olgan holda foydalanishni yaxshilash maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturiga muvofiq:

1. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda davlat hamda xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar ishtirokida:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 23 iyundagi “Respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish parametrlarini shakllantirish mexanizmini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–2360-sonli qaroriga muvofiq oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va ish beruvchilarning oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilariga bo‘lgan talabi parametrlarining balans hisob-kitobi ishlab chiqildi;

aniq yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorgarlikka ega bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilariga nisbatan istiqbolga mo‘ljallangan talab-ehtiyoj, shuningdek, bitiruvchilarning tanlangan mutaxassislik bo‘yicha ishga joylashuvi monitoringi ma’lumotlari asosida 2018/2019 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish kvotalari shakllantirildi.

2. 2018/2019 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha umumiy kvota:

1-ilovaga muvofiq bakalavrlar uchun 69 200 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha – 17 654 nafar va to‘lov-kontrakt asosida – 51 546 nafar;

2-ilovaga muvofiq magistrlar uchun 5 903 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha – 1 552 nafar va to‘lov-kontrakt asosida – 4 351nafar;

3-ilovaga muvofiq maxsus sirtqi bo‘limlarda bakalavrlar uchun 11 765 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha – 15 nafar va to‘lov-kontrakt asosida – 11 750 nafar etib belgilansin.

3. 2018/2019 o‘quv yilida qabul qilish kvotalari:

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Buxoro filiali uchun – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3702-sonli qarori bilan;

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti uchun – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi “Samarqand veterinariya meditsinasi institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ–3703-sonli qarori bilan;

Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent davlat agrar universitetining Nukus filiali, Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiali va Toshkent davlat agrar universitetining Andijon filiali uchun – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi “Toshkent davlat agrar universitetida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3704-sonli qarori bilan;

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti uchun – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 maydagi “O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ–3737-sonli qarori bilan tasdiqlanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Moliya vazirligining 2018/2019 o‘quv yilida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari buyurtmalariga binoan yuqori malakali tibbiyot kadrlariga o‘tkir talab mavjud bo‘lgan hududlar uchun maqsadli qabul bo‘yicha kvotalarni O‘zbekiston Respublikasining tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga davlat grantlari asosida bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashning umumiy belgilangan parametrlari doirasida ajratish bo‘yicha taklifi 4-ilovaga muvofiq qabul qilinsin.

5. Belgilansinki, 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida “Maktabgacha ta’lim” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash o‘qish muddati 3 yil bo‘lgan bakalavriat ta’lim dasturlari doirasida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini to‘laqonli tashkil etish uchun “Maktabgacha ta’lim” bakalavriat ta’lim yo‘nalishining malakaviy talablari, o‘quv rejalari hamda dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Farg‘ona viloyati hokimligining 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab Toshkent tibbiyot akademiyasining Farg‘ona filialiga o‘qishga qabul qilishni qaytadan tiklash haqidagi taklifiga rozilik berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Farg‘ona viloyati hokimligi 2018 yil 1 iyulgacha Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filialining o‘quv binolari, laboratoriyalari va talabalar turar joylarini yangi 2018/2019 o‘quv yiliga tayyorlash bo‘yicha qurilish-ta’mirlash ishlarini yakunlasin, shuningdek, ularni zarur uskunalar bilan jihozlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Davlat komissiyasi deb ataladi) tarkibi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Davlat komissiyasiga quyidagi huquqlar berilsin:

bakalavriat ta’lim yunalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish chog‘ida abiturientlar to‘plagan ballarning reyting bahosini hisobga olgan holda oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistraturasiga qabul qilish parametrlariga o‘zgartirishlar kiritish;

yangi yo‘nalishlar va mutaxassisliklarni kiritish uchun bakalavriat hamda magistraturaning qabul kvotalariga o‘zgartirishlar kiritish;

iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning, shu jumladan, respublikaning olis va borish qiyin bo‘lgan tumanlarining mutaxassislarga bo‘lgan o‘rinli ehtiyojlarini qondirish uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistraturasiga tegishli tarmoqlar va hududlar bo‘yicha maqsadli qabul ko‘rsatkichlarini belgilash.

8. Tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda uch hafta muddatda tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistratura bo‘yicha davlat granti hamda to‘lov-kontrakt asosida o‘rinlar kvotasini ta’lim tillariga qarab taqsimlashga oid takliflarni Davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:

“O‘zstandart” agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda bir oy muddatda yangi kiritilayotgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari yuzasidan Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga belgilangan tartibda o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritsin;

ikki oy muddatda yangi kiritilayotgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha malakaviy talablar, o‘quv rejalari hamda dasturlar ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda ikki oy muddatda respublika oliy ta’lim muassasalari reytingini har yili aniqlash milliy tizimini reytingning ustuvor ko‘rsatkichlarini belgilashda kadrlarga asosiy buyurtmachilarning – vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning talablariga alohida e’tibor qaratgan holda takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlasin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar hamda kadrlarning asosiy buyurtmachilari bilan birgalikda oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini 5 yilda bir marta attestatsiyadan o‘tkazsin va natijalari bo‘yicha ushbu bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan talablarga javob bermaydigan mutaxassislik kafedrasining faoliyatini tugatish haqida takliflar kiritsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2018/2019 o‘quv yilida davlat grantlari asosida bakalavriat va magistraturaga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha belgilangan kvotalarni hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar, Moliya vazirligi bilan birgalikda 2018 yil 1 iyulgacha o‘qitishga sarflanadigan jami xarajatlardan kelib chiqqan holda qiymat miqdorini aniqlashni nazarda tutadigan, oliy ta’lim muassasalarida talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatini aniqlash mexanizmini takomillashtirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda oliy ta’lim muassasalarining sirtqi va kechki bo‘limlariga qabul kvotalari yuzasidan, salohiyatli iste’molchilar talablarini hisobga olgan holda, Davlat komissiyasiga ehtiyoj yuqori bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari kesimida asoslangan takliflar kiritsin.

Belgilansinki:

oliy ta’lim muassasalarining sirtqi va kechki ta’lim bo‘limlariga umumiy qabul kvota respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga 2018/2019 o‘quv yili uchun tasdiqlangan umumiy qabul kvotasining 30 foizigacha bo‘lgan miqdorida belgilanadi;

oliy ta’lim muassasalarining sirtqi va kechki ta’lim bo‘limlarida o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;

oliy ta’lim muassasalarining sirtqi va kechki ta’lim bo‘limlarida o‘qitish qiymati tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi o‘qitish shakli qiymatidan kam bo‘lmagan miqdorida belgilanadi.

14. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi kadrlar buyurtmachilari bilan birgalikda har yili yangi o‘quv yili boshlanguniga qadar bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining o‘quv rejalari hamda dasturlarini mehnat bozori kon’yunkturasining tez o‘zgaruvchan sharoitida yuqori malakali kadrlarning amaliy tayyorgarligini ta’minlaydigan zamonaviy fanlar kiritgan, ishlab chiqarish va real iqtisodiyot tarmoqlarida innovatsion hamda ilm-fanga asoslangan texnologiyalarni tatbiq qilishni hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot markazi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab respublika oliy ta’lim muassasalari ta’lim jarayoniga xorijiy yetakchi olimlar, mutaxassis-amaliyotchilar va yuqori malakali o‘qituvchilarni tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha dars mashg‘ulotlarini o‘tkazishga jalb etish choralarini ko‘rsin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 yanvargacha:

kadrlar buyurtmachilari ro‘yxati va 2018/2019 o‘quv yilida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qishga qabul qilingan va o‘zi tomonidan taqsimlangan talabalar sonini;

2018/2019 o‘quv yilida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qishga qabul qilingan talabalarning amaliyot o‘tash ob’ektlari ro‘yxatini Davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritsin.

17. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar hay’atlari amaliyotiga:

oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining mehnat faoliyati davomida ularning bilim va ko‘nikmalarida kuzatilgan kamchiliklarni ish beruvchilar ishtirokida har chorakda kamida bir marta muhokama qilish;

har yil yakuni bo‘yicha, lekin keyingi yilning fevral oyidan kechiktirmasdan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ta’lim, sog‘liqni saqlash, jismoniy tarbiya, sport va turizm masalalari kompleksiga tayyorlanayotgan kadrlar malakasidagi kamchiliklar to‘g‘risidagi umumlashtirilgan tahliliy axborot, shuningdek, ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiya va takliflar taqdim etish kiritilsin.

Ushbu band ijrosining nazorati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi “Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3151-sonli qaroriga muvofiq oliy ta’lim muassasalari biriktirilgan Vazirlar Mahkamasi komplekslari rahbarlari, vazirliklar va idoralar rahbarlari zimmasiga yuklatilsin.

18. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

19. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S.Qosimov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2018 yil 4 iyun

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori


Keyingi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlariga hamda xalqaro standartlar talablariga mos keladigan oliy ta’lim tizimini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Hududlarda yangi oliy ta’lim muassasalarining tashkil etilishi, kadrlar tayyorlashning zamonaviy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari hamda sirtqi va kechki bo‘limlarning ochilishi, oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalarining oshirilishi mazkur yo‘nalishdagi muhim islohotlar hisoblanadi.

Shu bilan birga oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirishga, respublikada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi yangilanishlarda ushbu muassasalarning faol ishtirokini ta’minlashga to‘siq bo‘layotgan bir qator muammolar saqlanib qolmoqda, xususan:

birinchidan, oliy ta’lim tizimida o‘qitishni tashkil etish jarayoni, ta’lim olayotgan talabalar bilimini baholash tizimi bugungi kun talablariga javob bermayapti;

ikkinchidan, professor-o‘qituvchilarning faoliyatini, bilimini va pedagogik ko‘nikmasini baholashning zamonaviy tizimi mavjud emasligi ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda;

uchinchidan, oliy ta’lim muassasalariga kirish test savollari abiturientning mantiqiy fikrlash qobiliyatini aniqlash imkonini bermayotganligi iqtidorli yoshlarni oliy ta’lim muassasalariga qabul qilishda muammolar keltirib chiqarmoqda;

to‘rtinchidan, oliy ta’lim muassasalaridagi ta’lim jarayoni ustidan samarali jamoatchilik nazoratining o‘rnatilmaganligi ushbu sohada ko‘plab muammolarning, eng avvalo, korrupsiya holatlarining saqlanib qolishiga sabab bo‘lmoqda;

beshinchidan, oliy ta’lim muassasalarining mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli va tizimli o‘zgarishlardagi ishtiroki hamda tashabbuskorligi sezilmayapti, ularning ushbu yo‘nalishdagi faoliyati hanuzgacha qoniqarsiz bo‘lib qolmoqda;

oltinchidan, respublikamizda olib borilayotgan tub islohotlarning mazmuni va mohiyatini ommaviy axborot vositalari orqali xalqimizga, keng jamoatchilikka tushuntirishda oliy ta’lim muassasalarining faol ishtiroki yo‘lga qo‘yilmagan;

ettinchidan, oliy ta’lim muassasalari innovatsion va texnologik g‘oyalar bilan fikr almashadigan muloqot markazlariga aylanmagan, tegishli sohalarda mavjud muammo va kamchiliklarni tizimli o‘rganish, tahlil qilish va ularning yechimi bo‘yicha taklif kiritish borasida professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar va talabalarning tashabbus ko‘rsatishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmagan.

Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini tubdan takomillashtirish, ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarning 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab:

alohida ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qish muddati kamida uch yil bo‘lgan bakalavriat hamda kamida bir yil bo‘lgan magistraturani joriy etish, bunda magistraturada mutaxassislar tayyorlashni ishlab chiqarish (amaliy) (kamida bir yil) va ilmiy-pedagogik (kamida ikki yil) yo‘nalishlarga ixtisoslashgan dasturlar asosida tashkil etish;

oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul qilish kvotalaridan tashqari xorijiy fuqarolarni suhbat asosida test sinovlarisiz o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarning viza talabnomalariga asosan o‘qishga kirish istagini bildirgan xorijiy fuqarolarning kirish vizalarini o‘rnatilgan tartibda konsullik va boshqa to‘lovlarni undirmagan holda rasmiylashtirsin.

3. 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab tayanch (etakchi) oliy ta’lim muassasalari tomonidan tegishli ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv rejalari va dasturlarini kadrlar buyurtmachilarining ehtiyojlaridan kelib chiqib, mustaqil ravishda ishlab chiqish hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlash tartibi joriy etilsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

a) ikki oy muddatda Oliy ta’lim muassasalarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholash tizimi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin, bunda asosiy e’tiborni:

baholash tizimi va mezonlarini uzluksiz ta’lim tizimining bosqichlariga muvofiqlashtirishga;

ta’lim yo‘nalishlarining o‘ziga xos jihatlarini inobatga olgan holda talabalar bilimini baholashning zamonaviy, shaffof va adolatli (avtomatlashtirilgan, portfolio, test sinovlari, ijodiy ish, antiplagiat va h.k.) usullarini, shu jumladan, muayyan fandan dars bergan pedagogning yakuniy nazorat jarayonlaridagi ishtirokini istisno etadigan tizimni joriy etishga;

semestr yakuni bo‘yicha akademik qarzdor talabaning qayta topshirishi mumkin bo‘lgan fanlar sonini belgilashga va ularni topshirish muddatini o‘zgartirishga qaratsin;

b) 2018 yil 1 dekabrgacha bo‘lgan muddatda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish yuzasidan tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;

v) 2019 yil 1 martgacha bo‘lgan muddatda 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida “talabaning o‘zlashtirish darajasi – professor-o‘qituvchilar faoliyatini baholashning asosiy mezoni” tamoyilini joriy qilishning aniq mexanizmlarini belgilash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rsin. Bunda ushbu tamoyil talablariga javob bermaydigan professor-o‘qituvchilar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishgacha bo‘lgan choralar ko‘rish belgilansin;

g) 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining vaqtini o‘quv jarayoniga xos bo‘lmagan ishlarga sarflashning oldini olish hamda ularni talabalar bilan ko‘proq ishlashga yo‘naltirish, shu jumladan, “ustoz – shogird” tizimini joriy etish maqsadida o‘quv yuklamalarini hisobga olgan holda professor-o‘qituvchilar “vaqt me’yorlari”ning yangi mexanizmlarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.

5. Oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilarini ularning vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlarga va boshqa tadbirlarga jalb etish taqiqlansin.

Davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari, barcha darajadagi hokimlar mazkur talabni buzganligi uchun egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida qat’iy ogohlantirilsin.

6. Barcha oliy ta’lim muassasalarida samarali jamoatchilik nazoratini joriy etish maqsadida talabalar, ota-onalar, Yoshlar ittifoqining oliy ta’lim muassasalaridagi faollari, kadrlar buyurtmachilari, professor-o‘qituvchilar hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat tarkibda jamoatchilik kengashlari tashkil etilsin.

Quyidagilar jamoatchilik kengashlarining asosiy vazifalari etib belgilansin:

ta’lim sifati, professor-o‘qituvchilarning bilimi va pedagogik mahorati, talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar ustidan tizimli ravishda monitoring o‘rnatish;

oliy ta’lim muassasalariga professor-o‘qituvchilar tarkibiga ishga qabul qilinayotgan nomzodlar bo‘yicha tavsiyalar berish;

talabalarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, ularning pedagog kadrlar haqidagi fikrini to‘liq o‘rganish maqsadida ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish;

oliy ta’lim muassasasidagi ta’lim jarayonini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash va muassasaning tegishli kengashi muhokamasiga kiritish.

Jamoatchilik kengashi faoliyatini tashkiliy jihatdan ta’minlash Yoshlar ittifoqining oliy ta’lim muassasasidagi yetakchisi tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Oliy ta’lim muassasalari huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

7. Belgilansinki, 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab:

oliy ta’lim muassasalariga professor-o‘qituvchilar tarkibiga ishga qabul qilish tegishli kafedraning kengaytirilgan ochiq majlisida pedagog kadrlar va jamoatchilik kengashining a’zolari ishtirokida sinov darsi o‘tkazish natijalari bo‘yicha ushbu majlisning tavsiyasiga ko‘ra amalga oshiriladi;

O‘zbekiston va xorijiy oliy ta’lim muassasalarining o‘zaro kelishuvi hamda qo‘shma ta’lim dasturlari asosida talabalarni o‘qitishni tashkil etish va ikki tomonlama tan olinadigan diplom berish amaliyoti joriy etiladi.

8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat
test markazi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda:

oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlaridagi test savollarini tayyorlash uslublarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida qayta ko‘rib chiqsin hamda ularni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

ilg‘or xalqaro imtihon tizimlari (TOEFL, IELTS, CEFR, SAT General, SAT Subject va hokazo) sertifikatlariga ega bo‘lgan abiturientlarga tegishli fanlardan belgilangan eng yuqori ball berish va ushbu fanlar test sinovidan ozod qilish tartibini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralar zimmasiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilsin:

mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda oliy ta’lim muassasalarining ishtiroki hamda tashabbuskorligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish;

davlat va jamiyat hayotida yuz berayotgan o‘zgarishlar hamda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning mazmuni va mohiyati oliy ta’lim muassasalari tomonidan televidenie va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali keng aholi e’tiboriga yetkazilishini ta’minlash;

hududlarni, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarni jadal rivojlantirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar va dasturlar loyihalarining keng muhokamasida oliy ta’lim muassasalarining faol ishtirokini ta’minlash;

innovatsion va texnologik g‘oyalarni har tomonlama rivojlantirish hamda qo‘llab-quvvatlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar va talabalarning innovatsion texnologiyalarni yaratish borasidagi tashabbuskorligini oshirish yuzasidan aniq choralar ko‘rish;

iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalar tashkilotlari rahbarlari, yetakchi mutaxassislari, faol tadbirkorlar bilan dolzarb masalalarda seminar va davra suhbatlarini doimiy ravishda o‘tkazib borish, ularning faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarning yechimiga qaratilgan ilmiy-amaliy izlanishlarni olib borish;

oliy ta’lim muassasalari rahbariyatining mamlakatni isloh qilish jarayonida faol ishtirok etish borasidagi mas’uliyatini oshirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar belgilash, har bir rektor va prorektor uchun ushbu yo‘nalishda alohida “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini ta’minlash, ularning ijrosini nazorat qilish.

10. Belgilab qo‘yilsinki:

oliy ta’lim muassasalarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori lavozimi o‘rniga yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori lavozimi joriy etiladi, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektorlarning faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Yoshlar siyosati masalalari xizmatiga yuklanadi;

O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralar rahbarlari – tegishli oliy ta’lim muassasalari rektorlari va prorektorlarining, innovatsion rivojlanish vaziri – barcha oliy ta’lim muassasalari ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlarining faoliyati natijalarini ularning “Yo‘l xaritalari”da belgilangan vazifalarning bajarilishi yuzasidan har oyda kamida bir marta tanqidiy muhokama qilib boradi;

O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralar rahbarlarining mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda tegishli oliy ta’lim muassasalarining faol ishtirokini ta’minlash yuzasidan hisobotlari har yili Vazirlar Mahkamasining majlislarida muhokama etiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi muhokama natijalariga ko‘ra oliy ta’lim muassasalari rektorlarining egallab turgan lavozimiga loyiqligi yoki noloyiqligi masalasini ko‘rib chiqadi;

oliy ta’lim muassasalari rektorlarining faoliyati samaradorligiga baho berishda o‘quv jarayoniga yuqori malakali xorijiy olimlar, o‘qituvchi va mutaxassislarning keng jalb qilinganligi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarining filiallarini ochishda ularning tashabbuskorligi inobatga olinadi.

11. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda oliy ta’lim muassasalari talabalarini ilmiy faoliyatga yo‘naltirishga va ularda innovatsion fikrlashni shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, unda quyidagilar nazarda tutilsin:

yangi g‘oya va tashabbuslarni shakllantirish maqsadida har bir oliy ta’lim muassasasida “Yosh ekspertlar guruhi”ni tashkil etish;

o‘quv mashg‘ulotlarini talabalarni innovatsion fikrlashga yo‘naltiradigan o‘qitish texnologiyalari va interfaol uslublarni joriy etish asosida tashkil etish, asosiy e’tiborni talabalarning mustaqil ta’lim olishi bilan bog‘liq mexanizmlarni amalga oshirishga qaratish;

har bir oliy ta’lim muassasasida 1-kurs davomida saralab olingan eng iqtidorli talabalar uchun alohida guruhlar tashkil etish (mazkur guruhlardagi talabalar soni oliy ta’lim muassasasi tomonidan belgilanadi), 2-kursdan ularni o‘qitishni alohida o‘quv reja va dasturlar asosida amalga oshirish, ushbu toifadagi talabalarni magistraturaga maqsadli qabul qilish va bu orqali oliy ta’lim muassasalari kafedralari uchun malakali kadrlar tayyorlash tizimini joriy etish.

12. Yosh olim va talabalarga hamda tashabbuskor fuqarolarga mamlakatda innovatsion g‘oya va texnologiyalarni rivojlantirishga qo‘shgan munosib hissasi uchun topshiriladigan “Innovatsion g‘oyalar yetakchisi” ko‘krak nishoni ta’sis etilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda “Innovatsion g‘oyalar yetakchisi” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida Hukumat qarori loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

13. Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralar O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning mazmuni va mohiyatini televidenie va boshqa ommaviy axborot vositalarida tushuntirish bo‘yicha chiqishlarni tashkil etish yuzasidan har bir oliy ta’lim muassasasining yillik reja-grafigini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Moliya vazirligining:

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tuzilmasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan qo‘shimcha 2 ta shtat birligini ajratgan holda Axborot xizmatini tashkil etish;

oliy ta’lim muassasalari tuzilmalarida ularning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan qo‘shimcha 1 tadan shtat birligini ajratgan holda matbuot kotibi lavozimini joriy etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:

a) oliy ta’lim muassasalarini zamonaviy o‘quv, o‘quv-metodik va ilmiy adabiyotlar, davriy jurnallar bilan ta’minlash, axborot-resurs markazlari fondlarini muntazam ravishda yangilab borishni;

ilg‘or xorijiy o‘quv hamda ilmiy adabiyotlar va jurnallarni xarid qilish ishlariga keng imkoniyatlar yaratish, eng yangi xorijiy adabiyotlarni tarjima qilish va o‘quv jarayoniga joriy etishni nazarda tutadigan Hukumat qarorini qabul qilsin;

b) Oliy ta’lim muassasalari talabalarining malaka amaliyotini o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.

17. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:

a) bir oy muddatda quyidagi chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin:

oliy ta’lim muassasalariga xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazalaridan foydalanishga sharoitlar yaratish, professor-o‘qituvchilarning ilmiy natijalarini xalqaro miqyosda keng nashr etish, respublika yetakchi ilmiy jurnallarining bosqichma-bosqich yuqori impakt-faktorga ega bo‘lishini ta’minlash;

oliy ta’lim tizimida boshqaruv jarayonlarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida optimallashtirish, mavjud axborot tizimlarini integratsiyalash, tahliliy ma’lumotlar tayyorlashning samarali tizimlarini joriy etish;

b) abiturientlar hujjatlarini elektron shaklda qabul qilish tizimini bosqichma-bosqich yaratish bo‘yicha 2019 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda chora-tadbirlar ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

18. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S.Qosimov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B.Murodov hamda O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U.Madjidov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018 yil 5 iyun