BarkamolAvlod2017: Jizzax viloyati mash’alani qabul qilib oldi

Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi «Fizika-Quyosh» ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining Materialshunoslik institutida Jizzax viloyatida bo‘lib o‘tadigan «Barkamol avlod – 2017» sport musobaqalari mash’alasini quyosh nurlaridan alanga oldirilgan «Barkamol avlod» sport o‘yinlarining mash’alasi 24-may kuni soat 16:00 da Sirdaryo va Jizzax viloyatlari chegarasida keng jamoatchilik tomonidan karnay-surnay sadolari ostida, non va tuz bilan kutib olindi.

Qo‘llarida bayroqlar, turli shiorlar ko‘tarib olgan yoshlar Katta O‘zbek Traktining ikki tomonida saf tortgan. Ular orasida O‘zbekiston chempionlari, «O‘zbekiston belgisi» ko‘krak nishoni sohiblari bor. Ular mash’ala ko‘tarib kelayotgan sportchilarni olqishlab turdilar. Shu yerning o‘zida «Barkamol avlod» sport o‘yinlarining boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘ldi.

Sport o‘yinlari mash’alasini kutib olishga bag‘ishlangan tantanani ochgan Do‘stlik tuman hokimi Akram Aripov «Barkamol avlod» sport o‘yinlari bugungi kunda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimining barcha bo‘g‘inlarida ommaviylik kasb etayotganligi, uning nufuzi va ahamiyati tobora oshib borayotganligiga to‘xtaldi.

Shundan so‘ng so‘zga chiqqan Do‘stlik qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji o‘quvchisi, dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston chempioni Shohista Anorova mamlakatimizda har uch yilda an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan «Barkamol avlod» sport musobaqalari yoshlarning har jihatdan yetuk va barkamol bo‘lib voyaga yetishida, ularning katta sport arenalaridan munosib o‘rin egallashlarida muhim ahamiyat kasb etayotganligi to‘g‘risida gapirdi. Musobaqalarning respublika bosqichiga Jizzax mezbonlik qilayotganligi barcha yoshlar kabi unga ham cheksiz faxr va iftixor bag‘ishlashini ta’kidladi.

Tantanada Do‘stlik tumanidagi maktab va kollejlarning o‘quvchilari sportda erishgan natijalarini namoyish etdilar. Badiiy-havaskorlik jamoalarining chiqishlari tadbir ishtirokchilariga xush kayfiyat bag‘ishladi.

Shundan so‘ng, «Barkamol avlod — 2017» sport o‘yinlari mash’alasi Jizzax shahri tomon yo‘l oldi. Katta O‘zbek Traktining Paxtakor va Sharof Rashidov tumanlari hududidan o‘tuvchi yo‘lga chiqqan ming-minglab o‘quvchi-yoshlar, o‘qituvchi va murabbiylar, mahalla faollari, mehnat faxriylari, ishlab-chiqarish ilg‘orlari mash’ala ko‘tarib olgan sportchilarni olqishlab turdilar.

Shu kuni soat 17:30 da mash’ala Jizzax shahriga yetib keldi. Shaharning Rasul Isayev ko‘chasidan boshlab Sharof Rashidov shoxko‘chasidagi Mustaqillik maydonigacha bo‘lgan hududdagi yo‘lning ikki tomoni jizzaxlik yoshlar, shahar aholisi bilan to‘ldi. Mash’alaning Jizzaxga yetib kelishiga bag‘ishlangan tantanada so‘z olgan shahar hokimi Akram Rahmonqulov mehmonlarni Jizzax zaminiga tashrifi bilan muborakbod etib, musobaqa ishtirokchilariga omad tiladi.

«Barkamol avlod – 2017» musobaqalarida ishtirok etayotgan sportchilar kelajakda Olimpiya o‘yinlari, Jahon va Osiyo chempionatlarida yuksak marralarni egallashiga, xalqimizning ishonchini oqlashiga ishonch bildirdi. Yoshlarning bugungi salohiyati, iqtidori, ular uchun yaratilgan beqiyos shart-sharoitlar ularning mamlakatimiz bayrog‘ini jahon arenalarida baland ko‘tarishida muhim omil bo‘lishini ta’kidladi.

Tantanada so‘z olgan hamshahrimiz, dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston chempioni Madina Astanova musobaqalar o‘tkaziladigan barcha sport inshootlari zamon talablari darajasidagi sharoitlarga ega ekanligini, keskin baxslar asosida o‘tadigan bellashuvlarda har bir sportchi o‘z mahoratini ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun barcha qulayliklar yaratilganligini faxr bilan ta’kidladilar.

Shundan so‘ng viloyat musiqali drama teatrida musobaqa mash’alasi va olov saqlash qurilmasi qo‘riqlash uchun viloyat hokimligi vakiliga topshirildi.

Kutib olish marosimidan fotopost

http://barkamol-avlod.uz/

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *