TIQXMMI yangiliklari

img
10.05.2024

“Ommaviy madaniyat”ga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish davr talabi

Hozirgi kunda millat ma'naviyatiga xavf solayotgan tahdidlardan biri ommaviy madaniyatdir. Ommaviy madaniyat XX asr o'rtalarida shakllangan fenomen bo'lib, unga qisqaroq va tushunarliroq qilib ta'rif beradigan bo'lsak, ommaviy madaniyat – bizga chetdan kirib kelayotgan milliy va diniy qarashlarimizga yot ma'naviy va axloqiy illatlarni o'z ichiga olgan xurujlar yig'indisidir. Ushbu negativ xurujlarning oldini olish va profilaktika qilish maqsadida "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universiteti "Energetika" fakulteti 101-102-guruh talaba yoshlari bilan “V” bino 504-auditoriyada universitet psixologi M.K.Muhammedova va "Energetika" fakulteti tyutori B.Abdullayevlar hamkorlikda “Ommaviy madaniyatning yoshlar orasida tarqalishini oldini olish omillari” mavzusida seminar trening tashkillashtirdilar.

Ommaviy madaniyat insonlarning madaniy va estetik talablari saviyasini pasaytiradi. Ijtimoiy munosabatlarda insoniylik tamoyilini buzadi.Ommaviy madaniyat xalqning eng katta boyligi bo'lgan yoshlarni o'ziga qaratib, ularni ma'naviy va madaniy qarashlarini mensimaslikka undaydi. Bundan tashqari yoshlarni yengil hayotga chaqirib, mas'uliyatsiz ruhda voyaga yetishiga sababchi bo'ladi. Xususan, ommaviy madaniyat yoshlar ongida teleserial yoki videofilmdagi bosh qahramonlarning ichishi, chekishi, mushtumzo'rligi, axloqiy me'yorlarni mensimasligi bilan o'ta salbiy ta'sir o'tkazadi. Yoshlarimizni bu kabi illatlardan saqlash va ularning ongiga o'zimizning milliy qadriyatlarimiz va diniy e'tiqodlarimizni singdirish biz pedagoglarning oliy burchimizdir. Tadbirda mavzuga doir qiziqarli ma'lumotlar berildi. O'tilgan mavzuning ta'sir kuchini oshirish maqsadida tadbir rivoyatlar, hayotiy voqealar orqali olib borildi. So'nggi so'z o'rnida: “Ildizini inkor qilgan daraxt qurib qoladi. Shunday ekan ota-bobolarimizdan meros bo'lgan milliy qadriyatlarimiz va diniy e'tiqodlarimizga sodiq qolish hamda amal qilish har birimizning oliy vazifamiz!!!”, degan so'zlar orqali tadbir yakuniga yetdi.   

Universitet psixologi M.K.Muhammedova va "Energetika" fakulteti tyutori B.Abdullayevlar axboroti

TIQXMMI MTU matbuot xizmati