TIQXMMI yangiliklari

img
08.05.2024

Urush faxriysi Аkmal Аkramov xonadoniga tashrif 

Yurtimizda 9 – mayni “Xotira va qadrlash kuni” sifatida nishonlash, oʼtganlarni xotirlash, keksa fidoyi insonlarni eʼzozlash ezgu anʼanaga aylandi. Shunday kunda urush maydonlaridan qaytmagan yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasi oldida bosh egib, ularning ruhi poklariga hurmat bajo keltiramiz. Jang maydonlarida mardlik, jasorat koʼrsatgan, front ortida fidokorona mehnat qilgan va bugun oramizda sogʼu salomat yurgan faxriylar eʼzozlanadi.

Joriy yilning 7 - may kuni "Yer resurslari va kadast" fakulteti jamoasi yana shunday fidoyilarimizdan biri ikkinchi Jahon urushi qatnashchisi, Stalingrad va Kursk janglarida ishtirok etgan veteran Аkmal Аkramov xonadonlariga unversitetimiz rahbariyati tashabbusi bilan tashrif buyurishdi. "Koʼrganlarim haqiqiy qirgʼin edi. Biz, yosh askarlar, qurol bilan qanday muomala qilishga oʼrgatilganmiz, bunga maʼnan tayyor ham edik, ammo u yoqda duch kelganimiz… Biz bunga tayyor emasdik. Tinmay sodir etilayotgan portlashlar, ikki soat avval hazil-mutoyiba qilgan safdoshlaringiz yoningizda jonsiz yotishi… Oʼshanda halok boʼlgan yigitlarning sanogʼi yoʼq”, — deb xotirlaydi veteran.

“Аytishadiki, vaqt har narsaning davosi deb. Bu yolgʼon. Yosh boshimiz bilan urushda koʼrganlarimizni hech qachon unutmaymiz. Men buni sizga soʼz bilan taʼriflab berolmayman, qonli jang, atrofingizdagilarning birin-ketin halok boʼlishi, vaqt oʼtishi bilan kelajak haqida oʼylashni unutasiz, xayolingizda faqatgina qanday qilib tirik qolish, bu jangdan, keyin keyingisidan omon chiqish haqida fikr miyangizda charх uradi xolos…”, — deydi Аkramov. Urush qatnashchisi koʼp yillik mehnatlari tufayli, koʼplab hukumat mukofotlari bilan taqdirlangan. Аkmal Аkramovning aytishicha, mukofotlar orasida eng azizi – odamlar va oʼquvchilar eʼzozidir.

"Hozirgi yoshlarimizga, oʼshanda, bizning boshimizga tushgan qiyinchiliklar xuddi afsonadek tuyuladi. Chunki oʼsha vaqtdagi hayotni ular faqat kinolarda koʼrgan. Bu yaxshi, albatta. Farzandlarimiz, nevara-chevaralarimiz hech qachon urush neligini bilishmasin, biz koʼrgan qiyinchilik, azob-uqubatlar ulardan hamisha yiroq boʼlsin”, — deb oʼz hikoyasiga yakun yasadi otaxon.

Inson hech qachon oʼz oʼtmishini unutmasligi lozim. Oʼtmishni xotirlab, undan kerakli xulosa chiqara bilish lozim. Chunki shunday boʼlgan taqdirdagina musaffo osmonimiz qadriga yetishni, bugungi kundagi tinch va farovon hayotimiz uchun shukrona keltirishni oʼrganamiz.

 "Yer resurslarivakadastr" fakulteti Yoshlar bilan ishlash boʼyicha dekan muovini Hurriyat Eshova axboroti

Universitet matbuot xizmati