Mustahkam do‘stlik hududi
01.04.2025

O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston rahbarlarining birdamligi va do‘stligi haqida gap ketganda, Qo‘shkuprilizodaning ushbu she’ri beixtiyor yodga keladi.
- Do‘stlikdan qudratli kuch yo‘q jahonda,
- U topar qiymatin, umrin har jonda,
- Chegara bilmagay makin-makonda,
- Do‘stlikning qudrati ishonch, iymonda.
Darhaqiqat, qalblari tutash xalqlar orasidagi do‘stlik rishtalari tobora mustahkamlanaveradi. O‘zaro ishonch zamiriga qurilgan do‘stlik imoratining poydevori doim mustahkam bo‘ladi.
Hududiy chegaralar bo‘lgan taqdirda ham do‘stlik - chegara bilmas, masofa tanlamas tuyg‘udir. Hududiy yaxlitlikni mustahkamlash va xalqlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston rahbarlari uch davlatning davlat chegaralari tutashgan nuqtasi bo‘yicha tarixiy shartnomani imzolashga kelishib olishdi.
Xo‘jand shahrida o‘tayotgan uch tomonlama sammit doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bo‘lib o‘tgan uch tomonlama muzokaralar yakunlari, ularning asosiy natijasi sifatida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma imzolangani yuksak baholandi.
Davlat rahbarlari hududlar o‘rtasidagi faol aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish muhimligini qayd etdilar.
Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi davlat chegarasi chizig‘i uzil-kesil kelishilgani aytildi va bu voqea “diplomatiya va siyosiy irodaning tarixiy g‘alabasi” deb ataldi. U erishilgan kelishuv Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning “mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi tinimsiz sa’y-harakatlari” tufayli amalga oshganini ta’kidladi.
Ushbu hujjat, shuningdek, uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risida imzolanayotgan shartnoma barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashga, butun mintaqaning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Tantanali ravishda ochilgan Do‘stlik stelasi esa qardosh mamlakatlar o‘rtasida mustahkamlanib borayotgan yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va strategik sheriklik munosabatlarining yangi ramziga aylanishi tayin.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi tarixiy shartnoma imzolandi hamda uch davlat rahbarlarining Qo‘shma deklaratsiyasi qabul qilindi.
Ushbu sana va Do‘stlik stelasi uchlik va kuchlikning timsoli sifatida tarixga muhrlanishi muqarrar.
Uchrashuv davomida e’tirof etilganidek, o‘sha yodgorlik uch xalqning abadiy do‘stligi va kelajak avlodlar uchun birgalikdagi istiqboli ramzidir. Chegaralar bizni ajratmasligi, balki yaqinlashtirishi, u qadimiy tarixiy bog‘liqlik va zamonaviy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi ham alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston rahbarlarining uchrashuvi Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va strategik sheriklikni chuqurlashtirish nuqtayi nazaridan juda muhim ahamiyatga ega.
Birinchidan, uch davlat Markaziy Osiyo mintaqasida o‘zaro bog‘liq tarixiy, madaniy va iqtisodiy rishtalarga ega. Ushbu uchrashuv qo‘shni mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasida uzoq yillardan buyon chegara delimitatsiyasi va suv resurslarini boshqarish bilan bog‘liq muammolar mavjud edi. Uchrashuv ushbu masalalarni muloqot orqali hal qilish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Uchinchidan, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik nafaqat uch mamlakatga, balki butun mintaqaga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
To‘rtinchidan, turli tahdidlar, jumladan, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytirishda uch davlatning birgalikda harakat qilishi mintaqadagi barqarorlikni ta’minlashga yordam beradi.
Xullas, ushbu uchrashuv tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, uch davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish va barqaror taraqqiyotni ta’minlash uchun muhim qadam bo‘ladi desak, yanglishmagan bo‘lamiz.
Rahimboy Jumaniyozov Professor, O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi





