Birdamlik va bagʻrikenglik bayrami
30.03.2025

Davlatimiz rahbarining
xalqimizga Ramazon hayiti tabrigida shunday fikrlarni oʻqiymiz: “Tub mohiyatida insonparvarlik gʻoyasi
mujassam boʻlgan muqaddas islom dinining ezgu qadriyatlari bugungi kunda Yangi Oʻzbekistonda
amalga oshirilayotgan islohotlarga naqadar uygʻun va hamohang ekani Ramazon
oyida yanada yaqqol namoyon boʻldi, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.”
Darhaqiqat, dinimiz oʻzining insonparvarligi,
gumanistik mohiyati bilan alohida ajralib turadi. Ushbu muborak oyning “Ramazon
– saxovat, birdamlik va bagʻrikenglik oyi” degan gʻoya asosida oʻtkazilgani ham
fikrimizning dalilidir.
Mazkur oy jamiyatimizda tinchlik, doʻstlik,
mehr-oqibat va saxovat muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilgani shubhasizdir.
Ramazon oyi – musulmonlar uchun muqaddas oy boʻlib, u
nafaqat roʻza tutish, balki saxovat, birdamlik va bagʻrikenglik kabi insoniy
qadriyatlarni targʻib qiladi.
Unda gʻoyada oʻz ifodasini topgan uchta tushuncha
zamirida katta maʼno bor. Ramazon oyida
saxovat va himmat muhim oʻrin tutadi. Bu oyda ehson qilish, muhtojlarga yordam
berish, xayr-ehson ishlarida faol boʻlish musulmonlarning asosiy fazilatlaridan
biri hisoblanadi. Zakot, fitr sadaqasi va boshqa saxovatli amallar jamiyatda
ijtimoiy tenglikni taʼminlashga yordam beradi.
Ramazon – jamoaviy ibodatlar va islomiy hamjamiyatning
birdamligini mustahkamlaydigan oy. Roʻza musulmonlarni nafaqat shaxsiy tarbiya,
balki bir-birini tushunish va qoʻllab-quvvatlashga oʻrgatadi. Iftor va taroveh
namozlarida jamoa holatida yigʻilish, oila aʼzolari va doʻstlar bilan birga
ibodat qilish birdamlikni kuchaytiradi.
Bu oy insonlarni sabr-toqatli, mehribon va bagʻrikeng
boʻlishga oʻrgatadi. Roʻza insonni nafaqat taom va ichimlikdan, balki yomon
gap-soʻz, gʻiybat, gʻazab va adovatdan ham tiyilishga chaqirib, boshqalarga
nisbatan bagʻrikeng va yaxshilikka moyil boʻlishga undaydi.
Shunday qilib, Ramazon oyi – bu nafaqat roʻza tutish,
balki insonning maʼnaviy va ijtimoiy yuksalishi, saxovatli boʻlishi, jamiyat
bilan birdamlikda harakat qilishi va bagʻrikenglik ruhida yashashi uchun bir
ulkan imkoniyatdir.
Ana shu bois ushbu muborak oyda kam taʼminlangan,
yordamga muhtoj oilalar, keksa, nogiron va yolgʻiz insonlar holidan xabar
olish, kambagʻal kishilarning ogʻirini yengil qilish, uylar va mahallalarni
obod etish, uch avlod vakillari ishtirokida ommaviy daraxt ekish, yangi bogʻu
rogʻlar barpo etish boʻyicha koʻplab xayriya tadbirlari oʻtkazildi.
Shuningdek,
tabrik nutqida “yaxshi anʼanaga aylangan bunday marosimlar inson qadrini
ulugʻlash, mehnatkash va olijanob xalqimizni yagona, ahil oila sifatida
birlashtirish borasida beqiyos ahamiyatga ega boʻlib, biz bu ishlarni bundan
buyon ham albatta davom ettiramiz.”-dedi Prezident.
Islom – bu avvalo, odamiylik, ilm-fan, bilim va
maʼrifat, ezgu fazilatlarni ulugʻlash taʼlimoti ekan uqtirildi.
Tabrik yoʻsinida mamlakatimizda islom sivilizatsiyasi
va madaniyati asosida yaratilgan boy ilmiy-maʼnaviy merosni toʻplash, oʻrganish
va keng targʻib etishga qilishga eʼtibor berilatgani, shu maqsadda yurtimizda yangi-yangi
ilmiy-maʼrifiy markazlar, diniy yoʻnalishdagi taʼlim maskanlari, qutlugʻ
ziyoratgohlar barpo etilib, samarali faoliyat olib borayotgani eʼtirof etildi.
Xulosa oʻrnida shuni aytish kerakki, Prezidentimizning
tabrik nutqlarida oʻz xalqining yaratuvchanlik qudratiga ishonch va uning
farovon hayotiga masʼullik va mehru sadoqat hissi ufurib turdi.
Ushbu muborak kunlarda yurtimizga tinchlik,
xonadonlarimizga fayzu baraka, qalblarimizga shodlik va xotirjamlik nasib
etsin! Ramazon oyining fayzi va barakasi hamisha biz bilan boʻlsin. Barchaga
baxt, sogʻlik, oilaviy baxt va mustahkam tinchlik tilab qolamiz! Davlatimiz
rahbarining olib borayotgan siyosat va islohotlariga sadoqat tuygʻusi, Yangi
Oʻzbekiston bayrogʻi ostida birlashish va bunyodkorlik, yaratuvchanlik hissi hamisha hamrohimiz
boʻlsin.
Rahimboy JUMANIYOZOV
Professor, O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar
uyushmalari aʼzosi