TUTASH TOMIRLAR - TUTASH TAQDIRLAR
29.03.2025

Teran tomirlari tarixan
tutash xalqlarning taqdiri va maqsadlarida ham mushtaraklik boʻladi. Yon
qoʻshni jon qoʻshni deganlari bejiz emas. Bir-biridan hol-ahvol soʻrash,
yutuqlaridan quvonish, tajriba almashish oradagi mehr tuygʻusini, oʻzaro
hamkorlikni kuchaytiradi. Oʻzbekiston va Qozogʻiston xalqlarining azaliy va
abadiy doʻstligi oʻzaro hamkorlikni mustahkamlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston
Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevlarning 29 mart kuni Olmaota
shahrida oʻtkazilgan norasmiy uchrashuvi ham istiqbolli hamkorlikka yoʻl
ochishi tayin.
Savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika, energetika,
qishloq va suv xoʻjaligi sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish hamda faol
hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish eʼtibor
markazida boʻldi.
Yodingizda boʻlsa, oʻtgan yilning aprel oyi boshida Oʻzbekiston va
Qozogʻiston yetakchilarining shunday ikki tomonlama uchrashuvi Xiva shahrida
boʻlib oʻtgan edi.
Bu gal ham ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida
Oʻzbekiston-Qozogʻiston yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va
ittifoqchilik munosabatlarini izchil mustahkamlash masalalari atroflicha koʻrib
chiqildi. Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi istiqbolli hamkorlik yoʻnalishlari
quyidagi asosiy sohalarni oʻz ichiga oladi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik. Ikki
davlat oʻrtasida savdo aylanmasini 10 milliard dollarga yetkazish
rejalashtirilgan. Bu borada erkin savdo zonalarini yaratish va bojxona
tartiblarini yengillashtirish orqali tovar aylanmasini oshirish muhim.
Shuningdek, mashinasozlik,
avtomobilsozlik, toʻqimachilik va qurilish materiallari ishlab chiqarish
sohalarida qoʻshma korxonalarni tashkil etish,
elektron sanoat va yuqori texnologiyalar sohasida innovatsion loyihalarni
amalga oshirish ham eʼtiborga molik.
Ayni paytda Qozogʻistondan Oʻzbekistonga gaz va neft mahsulotlarini
yetkazib berishni rivojlantirish, qayta
tiklanadigan energiya manbalari (quyosh va shamol energetikasi) boʻyicha
qoʻshma loyihalarni amalga oshirish ham dolzarb masaladir.
Transport va logistika masalasi,
transkaspiy transport yoʻlagi orqali xalqaro yuk tashish tizimini
rivojlantirish. Oʻzbekiston – Qozogʻiston – Rossiya – Yevropa yoʻnalishida
yangi transport marshrutlarini ishga tushirish. Chegaradagi logistika
markazlari va temir yoʻl infratuzilmasini yaxshilash muhim masalalardan
boʻlgani kabi madaniy-gumanitar hamkorlik ham shu darajada ahamiyatli.
Xuddi shuningdek, ikki davlat universitetlari oʻrtasidagi taʼlim
almashinuvi dasturlarini rivojlantirish ham katta ahamiyat kasb etadi.
Bu kabi yoʻnalishlar ikki
mamlakat oʻrtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qilish
aniq.
Bu galgi uchrashuvda ham Oʻzbekiston bilan Qozogʻiston oʻrtasidagi koʻp
qirrali hamkorlik yuksak darajaga koʻtarilgani alohida mamnuniyat bilan qayd
etildi. Barcha darajalarda faol muloqotlar olib borilmoqda. Tovar ayirboshlash
hajmi yil boshidan buyon 14 foizga oshdi, umumiy qiymati 4 milliard dollardan
ziyod investitsiya loyihalari portfeli shakllantirildi, yaqin hududlararo
aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuv rivojlanmoqda.
Davlat rahbarlari Oʻzbekiston va Qozogʻiston Bosh vazirlari
oʻrinbosarlarining oʻzaro savdoni koʻpaytirish, mashinasozlik, elektrotexnika,
neft-gaz, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi va boshqa ustuvor tarmoqlarda
yetakchi korxonalarning kooperatsiya loyihalarini ilgari surish boʻyicha
koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi hisobotlarini tingladilar.
Qozogʻiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilayotgan “Alem.ai” sunʼiy
intellekt markazining taqdimotida Prezidentimizning ishtiroki ham alohida
ahamiyat kasb etdi. Alem.ai - sunʼiy intellekt sohasida mutaxassislarni
oʻqitish, startaplarni ishga tushirish va ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish
uchun platforma. Yetakchilar Markaziy Osiyodagi eng yirik texnoparklar
birlashmasi - “Central Asian Innovation Hubs” (“Astana Hub” va “IT Park
Uzbekistan”) faoliyati bilan ham tanishdilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Olmaota shahriga
tashrifning madaniy dasturi doirasida Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti
Qasim-Jomart Toqayev bilan birgalikda Abilxon Kasteyev nomidagi Milliy sanʼat
muzeyiga tashrif buyurgani ham zavqli boʻldi.
Xalq rassomlari – qozoq tasviriy sanʼati asoschisi Abilxon Kasteyev va
oʻzbek rangtasvir ustasi Oʻrol Tansiqboyev asarlari tomosha qilindi. Shuni
aytish oʻrinliki, koʻrgazma Oʻzbekiston va Qozogʻiston boy badiiy merosining
yorqin ifodasi, ikki qardosh xalq oʻrtasidagi mustahkam madaniy aloqalarning
ramzi boʻldi.
Xullas, teran tomirlari tutash
boʻlgan xalqlarning birligi doʻstlikka, doʻstligi hamkorlikka, hamkorlik
hamjihatlikdagi mushtarak maqsadlar sari zamin hozirlaydi.
Rahimboy JUMANIYOZOV
“TIQXMMI” MTU professori,
Oʻzbekiston Yozuvchilar va
Jurnalistlar uyushmalari aʼzosi









