TIQXMMI yangiliklari

img
06.05.2024

Milliy qadriyatlar-millat ravnaqi omilidir

Joriy yilning 4-may kuni «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» Milliy tadqiqot universiteti psixologi M.K.Muhammedova «Gidrotexnika qurilishi» fakulteti tyutorlari  bilan hamkorlikda «Gidrotexnika qurilishi» fakulteti 1-kurs talaba yoshlari bilan "D" korpus 101-xonada "«Ommaviy madaniyat»ning inson ruhiyatiga salbiy ta'siri" mavzuida seminar trening tashkil etdilar.

"Ommaviy madaniyat" hodisasi G'arb olamida XX asr boshlarida paydo bo'ldi.«Ommaviy madaniyat»ning asl maqsadi har ko'yga solish mumkin bo'lgan olomonni shakllantirish bo'lgani bois, u ma'naviy oziq beradigan, badiiy yuksak, o'quvchini mushohadaga undab, tasavvur olamining kengayishiga xizmat qiladigan asarlarni yaqiniga yo'latmaydi. Taassufki, bugun ayrim yoshlar orasida «Qaro ko'zum»ni sel bo'lib tinglaydiganlarga nisbatan bu mumtoz qo'shiq ohangidan ensasi qotadiganlar, «Alpomish»dan aytayotgan baxshini ko'rganda burnini jiyiradiganlar ko'p. «Ommaviy madaniyat» namunalari, tabiiyki, chinakam badiiy qimmatga ega emas. Ammo u hamisha keng auditoriyani jalb eta olishi bilan hayratlidir.

Ommaviy madaniyat omi odamlarni, ya'ni fikrlash doirasi tor, burnining uchidan narini ko'ra olmaydigan, ta'bir joiz bo'lsa, Abdulla Orifning «tilla baliqcha»si kabilarni ohanraboday o'ziga tortadi: odamlarning o'tkinchi hoyu havaslarini qanoatlantirishi, har qanday yangilikni darhol ilg'ab, o'zida aks ettirishi bilan ham jozibali bo‘lib, ko‘pchilik yoshlarning e'tiborini butkul o‘ziga jalb qilib olgani hech kimga sir emas. Shu boisdan “shlyager", "xit" lar darhol eskiradi va kun ko'rib-ko'rmay unut bo'ladi. Bugun urf bo'layotgan yangi yo'nalishdagi qo'shiqchilik, turli musiqiy shoular, kassabop filmlar foyda ko'rish, boylik orttirishga xizmat qilmoqda. Bu esa «ommaviy madaniyatning keng quloch otishiga zamin hozirlayapti. «Ommaviy madaniyat» «namoyondalari» jamiyat a'zolari didini belgilovchi ma'lum bir andozalarni shakllantiryaptiki, bir qarashda bu zararsiz, hatto yoqimli bo'lib tuyulyapti. Bu aynan yangi jamiyat bunyodkorlari — yoshlarni o'z domiga tortibgina qolmasdan, ularni mazkur madaniyat targ'ibotchilariga aylantirib qo'yayotgani bilan xatarlidir. Shu nuqtai nazardan, Meksika teleseriallari, Hollivud filmlari, «Uolt Disney» multfilmlari ruhida tarbiya topayotgan yosh avlod «ommaviy madaniyat» jodusidan o'zini saqlay oladimi, degan savol barchamizni tashvishlantirishi lozim. Zotan, biz shu soddadil xalqning farzandi ekanmiz, yodda tutmog'imiz lozimki, hech kimga uning axloqiy qadriyatlarini, qalb kechinmalarini ermak qilish huquqi berilmaganligini va bunga yo‘l qo‘ymaslik barchamizning burchimiz ekanini anglab bir yoqadan bosh schiqarib milliy urf odatlarimizni yoshlarimiz qalbiga singdirishga harakat qilishimiz zarurdir.

Universitet psixologi M.K. Muhammedova, “Gidrotexnika qurilish” fakulteti tyutorlari D. Xursandova va X.Saidovalar axboroti 

“TIQXMMI” MTU matbuot xizmati