TIQXMMI yangiliklari

img
10.05.2024

Kitobxon ona – kitobxon bola

Joriy yilning 10-may kuni universitet xotin-qizlar maslahat kengashi rejasi asosida “Energetika” fakulteti talaba-qizlari oʻrtasida “Kitobxon ona – kitobxon bola” mavzusida suhbat boʻlib oʻtdi. Ushbu suhbat yoshlar va aholi ma’naviyatini yuksaltirish, aholi oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish maqsadida oʻtkazildi. Talaba-qizlarga fakultet xotin-qizlar masalalari boʻyicha dekan maslahatchisi Ch.Oxunboboyeva, tyutor D.Hudoyberganova, TJAB kafedrasi dotsenti Sh.Ubaydullayevalar tomonidan kitobxonlikni targʻib qilish borasida tavsiyalar berildi.

Bugungi kunda oilaviy kitobxonlik an’analarini tiklash nima uchun muhim? Birinchidan, bu oʻsib kelayotgan avlod tarbiyasining eng asosiy boʻgʻinlaridan biridir. Aynan birgalikda oʻtkazilgan vaqt ota-onalar va farzandlarni bogʻlovchi ma’naviy koʻprik boʻla oladi. Hattoki birinchi marta oʻkilgan she’r ham goʻdak shaxsining rivojiga ahamiyatli hissa qoʻshadi. Farzand ona tovushini eshitadi, shu bilan oʻzini xavfsizlikda sezadi. Bu esa xotirjamlik va oʻziga ishonchni kuchaytiradi. Ikkinchidan, oilaviy kitobxonlik bolada kitobga va adabiyotga boʻlgan toʻgʻri muomalani oʻrgatadi. Agar bola goʻdakligidan mutolaa qiluvchi ota-onasini koʻrib oʻssa, albatta ularning xatti-xarakatlarini, oʻzlarini tutishini takrorlaydi va kelajakda oʻzi ham kitobga oshno boʻlishga intiladi. Oilaviy kitobxonlik bolaning kitobga boʻlgan e’tiborini kuchaytiradi, badiiy obrazlar, ayniqsa bayon qilish uslubi toʻgʻrisida birlamchi tasavvurlarni beradi. Bundan tashqari ona oʻqiyotgan vaqtda bola toʻgʻri nutq koʻnikmalarini ham oʻzlashtiradi. Ota-onasi bilan koʻp mutolaa qilib vaqtini oʻtkazgan bolalar jamiyatda tez muloqotga kirisha olish qobiliyatiga ega boʻlib oʻsadi.

Suhbat davomida keltirilgan fikr-mulohazalar talabalarga manzur boʻlib, ular tomonidan “Kitobxon qizlar klubi”ni yaratish va klubga azolar safini kengaytirish toʻgʻrisida takliflarini bildirishdi.

 Xotin-qizlar masalalari boʻyicha dekan maslahatchisi axboroti Ch.Oxunboboyeva

Universitet axborot xizmati