Sifat - samara va natijaga kafolat

30.04.2025

#O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati yangiliklari


Biron oshxonaga kirib ovqatlanadigan boʻlsangiz taom sifatlimi deysiz, bozorga borib  kiyim sotib olmoqchi boʻlsangiz ham darhol sifatlimi deb soʻraysiz. Demak yegulik, ichgulik va kiygulik nimaiki narsa boʻlsa shu zahoti sifati bilan qiziqarkanmiz, xoʻsh nima uchun taʼlimning sifati bilan qiziqmasligimiz kerak?

Chunki,  taʼlim sifatini oshirish orqaligina natijadorlik va samaradorlikka erishishimiz mumkinligi oynadek ravshanku. Shuning uchun ham Prezident Shavkat Mirziyoyev quyidagi talant qatʼiy qoʻydilar. Bu davlat rahbarining daʼvatnomasi. “Taʼlim sifatini oshirish yangi oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona, eng toʻgʻri yoʻlidir.”

Ana shuning uchun ham taʼlim sifatini oshirish masalasi har bir pedagogning burchi va farzidir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 aprel kuni nodavlat taʼlim xizmatlari tizimini takomillashtirish, oliy va kasbiy taʼlimda sifatni oshirish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishdi.

Iqtisodiyot tarmoqlari rivoji hamda investitsiyaviy muhit, eng avvalo, kadrlar salohiyati bilan chambarchas bogʻliq. Shu bois oliy va kasbiy taʼlim tizimi doimiy takomillashtirib borilmoqda.

Soʻnggi yillarda taʼlim sohasida xususiy sektorga berilgan imkoniyatlar tufayli 71 ta xususiy oliygoh va 51 ta xususiy texnikum tashkil etilib, ularda 500 ming nafarga yaqin talaba va oʻquvchilar tahsil olmoqda. Buning natijasida mamlakatda oliy taʼlim bilan qamrov 9 foizdan 42 foizga oshdi. 

Albatta, bugungacha amalga oshirilgan ishlar koʻplab yoshlarning kasbiy va oliy maʼlumot olishiga imkon yaratdi. Ammo, nodavlat taʼlim tashkilotlarining barchasida ham taʼlim sifati birdek taʼminlanmagan.

 Shu oʻrinda ayrim mulohazalarni bildirib oʻtish foydadan xoli emas.

Davlatimiz rahbari respublikamiz boʻylab qaysi korxona, qaysi tashkilotda boʻlmasin, mutassadilar bilan uchrashmasin, albatta uchta soʻzni takrorlashlari va talab etishlari bejiz emas. Bular - sifat, samara va natijadorlik. Har bir qilingan harakatning  natijasi, samarasi sifatga  bogʻliqligi ayon. Demak Prezident oʻzlari qayta - qayta eʼtirof etgani kabi  “Najot taʼlimda, najot bilimda, najot ilmda”. Shunday ekan, jamiyatni, xalqni ulugʻ maqsadlar sari olgʻa boshlashning birdan bir yoʻli - yosh avlodga berilayotgan taʼlim - tarbiyaning sifati bilan chambarchas  bogʻliq. Shuning uchun ham “Taʼlim sifatini oshirish – Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona toʻgʻri yoʻlidir”- deganlari bejiz emas.

 Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtgan yili (2023) yangi oʻquv yili arafasida maktab taʼlimidagi masalalarni muhokama qilish va ustuvor vazifalarni belgilab olish yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi ham mohiyat eʼtibori bilan ahamiyatli boʻlgan edi.

Shuni eʼtirof etish kerakki, “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi”, degan ezgu gʻoya asosida katta ishlar amalga oshirilganidan, qisqa muddat mobaynida yuzlab zamonaviy maktablar barpo etilgani, Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻi kengaytirilgani, yangi darsliklar va oʻquv qoʻllanmalari yaratilganidan koʻz yumib boʻlmaydi.

Shuningdek, “Muallim va oʻquvchilar uchun sharoitlarni yaxshilash, taʼlim sifatini oshirishga alohida eʼtibor qaratayapmiz», — dedi davlatimiz rahbari yigʻilish avvalida.

Taʼlimdagi natijadorlik va samara uning sifatiga bogʻliq ekani ayon. Bir karra taʼlim berish ikki karra taʼlim olish ekanini unutmaslik zarur. Taʼlim berishning ham oʻziga xos mashaqqati, rohati, muhim usul va uslublari bor. Bilish boshqa, uni yetkazish va unga amal qilish boshqa. Chunki ilmu amal birlikda boʻlmasa, samara haqida gap boʻlishi mumkin emas.  Sifatli taʼlim masalasi, avvalombor, intellektual salohiyatga ega boʻlgan, zamonaviy bilim, texnologiyalar bilan qurollangan, teran tafakkurli, dunyoqarashi keng boʻlgan muallimga bogʻliqdir. Bu ayni haqiqat.

Oʻqituvchi koʻp bilimga ega boʻlsa, axborot texnologiyalarini obdon oʻrgangan boʻlsa, hatto, xorij sertifikatlariga ega boʻlib koʻp tillarni bilsa, hatto, boʻyi barobar kitob,  monografiya, ilmiy maqolalar yozgan boʻlsa ham hali bu taʼlimning sifati va samarasi degani emas. Bu masalaning bir tomoni, xolos. Chunki taʼlimning sifatli boʻlishi uchun jahon miqyosidagi sohaviy yangiliklar va bilimlarni obdon oʻrganish, hamkorlik rishtalarini bogʻlash, yetuk mutaxassis, malakali oʻqituvchilar tajribasini ommalashtirish badaliga boʻlishi asosiy maqsaddan yiroq emas.

Tasavvur qiling, jamoaga yangi oʻquv yili munosabati bilan osh berish niyatida taom masalliqlarini keltirish uchun bir kishini yollasak va asl dehqon yetishtirgan mahsulotlardan keltirishini tayinlasak. U barcha masalliqlar - guruch, piyoz, sabzidan tortib yogʻu goʻshtigacha keltirsa, oshpaz uni tayyorlashga kirishsa, lekin osh xom-xatala boʻlib qolsa, xoʻsh, kim aybdor? Bozorga borib kelganmi, yetishtirgan dehqonmi, yoki sotganmi? Albatta, oshpaz aybdor. Demak, uning osh tayyorlash kompetentligi, uquvi hali yetarli emas. Oshpaz hali tajribasi va malakasini oshirishi kerak. Taʼbir joiz boʻlsa, oshpazni muallimga qiyos qilsak, keltirilgan masalliqlarni oʻquv - uslubiy qoʻllanma va darsliklarga oʻxshatish mumkin.

Oʻqituvchining kommunikativ kompetentlik darajasi yetarli boʻlmasa, yaʼni nutq  madaniyati, til imkoniyatlaridan oʻrinli va unumli foydalana olmasa, boshqacha aytganda, notiqlik mahorati yetarli boʻlmasa, albatta, sifatli taʼlim talabi yuzaga chiqmaydi. Ishning koʻzini bilish degan ibora bu borada bejiz emas. Ish faoliyatimiz, tajriba va kuzatuvlarimizdan shu narsa aniqki, oʻqituvchilar yetarli bilimga ega, lekin ular, fan mavzuini, olingan bilim, oʻzlashtirilgan malaka, hosil qilingan koʻnikmani oʻquvchi yoki talabaning ongiga singdirish mexanizmini - kommunikativ kompetentlikni, nutq madaniyatini toʻla va chuqur egallamagan boʻlishadi.  Natijada bu sifatli taʼlimning samarasiga zid boʻlgan holat sifatida izohlanadi. Yaponiya, Finlandiyada oʻquvchini qiziqtirish, mantiqiy mushohada yuritishga chogʻlash taʼlim tizimining jon va qon omiri.

Videoselektorda taʼlimning va tarbiyaning oʻrni haqida, ilmning qiymati, muallimning rutbasi haqida eʼtiborga molik mulohazalar bildirildi. Jamiyatga eʼtibor masalasi xalqning ertasi, sifatli taʼlim bilan bogʻliq degan fikr uqtirildi.  Maktabgacha taʼlim, maktab taʼlimi oʻrta-maxsus va oliy taʼlim uzviy bosqichma-bosqich tizimli ravishda boʻlishi, biri-birini toʻldiradigan, boyitadigan boʻlishi kerakligi maʼlum. 

Shu oʻrinda aytish kerakki, Prezident oldingi chiqishlarida oʻn yil davomida oʻqigan oʻquvchi nahotki,  ikkita xorijiy tilni bilmaydi, vaholanki, repetitorga borsa bir yilda oʻrganayapti, demak, bizni taʼlim berishimiz koʻngildagidek emas ekanligini aytib, koʻpchilik darsliklar eski usulda ekanligi, bugungi oʻquvchini dunyoqarashiga mos emasligini, jahon andozalariga moslab tayyorlanmaganligi ham eʼtirof etilgandi. 

Shuningdek, tilning oʻrni barcha fanlarda, sohalarda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlash oʻrinli.  Oʻtgan yili Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida “Chet tillarni bilish  kerak, ammo xalq oʻz ona tilini bilishga majbur, majbur majbur”- deya kuyunchaklik bilan qayta-qayta uqtirganlari hamon yodimizda. Shu oʻrinda beixtiyor maʼrifatparvar adib Isʼhoqxon Ibratning ushbu oʻgitlari yodga keladi: “Bizning yoshlar, albatta, boshqa tillarni bilish uchun saʼy-harakat qilsinlar, lekin avval oʻz ona tilini koʻzlariga toʻtiyo qilib, ehtirom koʻrsatsinlar. Zero, oʻz tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir”. Aytish mumkinki, bu vataniy ishgina emas, balki vataniy ishqdir.

Oʻylab koʻring, oʻqituvchi tabiiy fanlardanmi, yoki ijtimoy-siyosiy yoxud gumanitar fanlardan dars beradimi, albatta, tilning ifoda imkoniyatlarini, nutq madaniyatini  toʻla egallashi shart.  Aks holda, fanning, mavzuning mohiyati roʻyobga chiqmaydi. Fizik qonuniyatlarni ham, kimyoviy reaksiyalarni ham, geometrik aksioma va teoremalarni ham, matematik sinus - kosinuslarni ham pedagog qaysi tilda tushuntiradi? Albatta, oʻz ona tilida - davlat tilida tushuntiradi. Demak, unda chalami? Fan ham, mavzu ham chala boʻladi.

Xorijiy tilni oʻrganishga boʻlgan mehr oʻz ona tiliga boʻlgan muhabbatdan boshlanadi, chunki til muqoyasa etib oʻrganiladi. Ona tili  chalami, oʻzga tillar ham chala boʻlishi aniq. Demak, nutq mahoratiga ega, nutq hususiyatlarini bilib nutq texnikasiga amal qila oladigan, tili burro, tallafuz meʼyori ham tafakkur darajasi ham aniq va tiniq boʻlgan murabiylarni darsga jalb etilishi va ularning ritorik mahoratini oshirish taʼlimning sifati va samarasiga bevosita daxldor masaladir.

Tarixda Rossiya imperatori  Pyotr 1 shu xususda maxsus farmon ham chiqargani maʼlum.  “Nutqiy nuqsoni bor boʻlgan muallim garchi bilimli boʻlsa ham sinfga qoʻyilmasin, chunki bolalar taqlidchi boʻlishadi, unga ergashishadi”.  Har ikki gapida bir “tak”, “znachit”, “toys” deb turadigan oʻqituvchini tinglagan oʻquvchini gʻashi kelishi aniq. Ajab emaski, unga ”Takov  Znachit Toysovich“ deb laqab qoʻyib yuborishsa! Nutqning  aniqligi tafakkur va talaffuzning tiniqligidanligini aslo unutmaslik kerak. Qaysi sohada, qaysi kasbda ishlamaylik, qaysi fandan dars bermaylik, avvallombor hammamiz nutq madaniyatini, notiqlik sanʼatini yaxshi egallagan boʻlishimiz kerak. Shundagina oʻquvchi bizga ergashadi, shundagina u bizni fanimizni sevadi. Aks holda, uning bu qulogʻidan kirib unisidan chiqib ketadi, bundan esa hech qanaqa naf yoʻq! 

 Taʼlimning sifatini taʼminlashda notiqlik sanʼatining oʻrni boʻyicha yaqinda tajriba oʻtkazib koʻrdik. Oʻzining 32 soatlik oʻquv - amaliy dasturiga ega boʻlgan ”Notiqlik sanʼati akademiyasi“ taʼlim muassasasiga 4 nafar oʻqituvchini chaqirtirdik. Ulardan ikki nafari litsey, ikki nafari kollej oʻqituvchilari edi. Ularga besh daqiqalik videorolikni qoʻyib berdik va diqqat bilan koʻrib-kuzatganlarini gapirib berishni tayinladik.  Birinchi oʻqituvchi xuddi antennasi yoʻq televizorda bijir-bijir tasvir koʻrgandek taassurot uygʻotib mujmal gapirdi, ikkinchisi oq - qora rangli televizorda koʻrgandek fikr berdi. Uchinchisi rangli televizorda koʻrgandek zavqu shavqli taassurot bergan boʻlsa, toʻrtinchisi esa xuddi 3 D,  5 D qilib tashladi.

Shuning uchun  ham Uilyam Uort “Oʻrtacha oʻqituvchi bayon qiladi, yaxshi oʻqituvchi tushuntiradi, mashhur oʻqituvchi namoyish qiladi, buyuk oʻqituvchi esa ilhomlantiradi.”- deb bejiz aytmagan edi.  Uchinchi va toʻrtinchi toifa oʻqituvchilarni tayyorlamas ekanmiz, oldimizga qoʻyilgan maqsadlarni, xususan  Uchinchi Renessansni toʻla amalga oshirish mushkul. Biz taʼlim tizimining barcha bosqichlarida pedagoglarni lingvistik kompeteniya boʻyicha tayyorlashimiz kerak, chunki taʼlim olgan taʼlim bera olganidek, tarbiyalangangina tarbiyalashi mumkin. Oʻqituvchining bilimi, kommunikativ kompetentligi va notiqlik sanʼati taʼlimning natijadorligi va samarasi masalasi eng muhim mezon ekanligini qayd etib vazirliklarga bir necha bor xatlar ham qildik. Yaqindagina bu fikr quvvatlandi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziriligi, shaxsan vazirning oʻzlari Ibrohim Yulchiyevich Abdurahmonov tomonidan bu masala maʼqullandi.

Barcha taʼlim vazirliklari tizimida professor oʻqituvchilar malakasini oshirish boʻyicha maxsus ritorik mahorat, notiqlik sanʼatini oshirish boʻyicha amaliy kurslarning tashkil etilishi maqsadga muvofiq. Toʻgʻri, qisqa muddat ichida notiq - pedagog boʻlish qiyin, uning uchun yillar kerak boʻladi. Lekin, oʻz ustida ishlash doimiy tarzda boʻlishi shart.

Shuni taʼkidlash joizki, pedagogning oʻz ustida ishlashi avvalambor, soʻz ustida ishlashdan boshlanadi. Taʼlimning kaliti – nutq bilan, tarbiyaning kaliti - xulq bilan ekanini anglash muhim. Nutqiy va xulqiy madaniyatga ega boʻlgan inson komil, avlod barkamol atalishi oʻrinli. Demak, chinakam notiq-oʻqituvchi oʻzi yoqimli, soʻzi yuqumli boʻlishi, u shunchaki yetkazuvchi emas, balki oʻtkazuvchi boʻlishi kerak. Soʻzi bilan yondiruvchi, fikri bilan qondiruvchi nisbati ham ularga xosu mos libos.

Videoselektorda yuqori sinflarga ayrim fanlarning xususan, kimyo, biologiya, matematika, fizika, chet tili, ona tili va adabiyot fanlarini chuqurlashtirib oʻqitilishi masalasining eʼtirof etilishi ahamiyatli boʻldi. Barcha fanlarni, tabiiy va gumanitar fanlarni bogʻlovchi vosita pedagogning kommunikativ kompetentligi hamda nutq madaniyati, notiqlik sanʼatidir, bu esma pedagogik mahoratning oʻzagi va oʻzanidir.

Prezident taqdimot masalasi bilan tanishar ekan, Nodavlat taʼlim tashkilotlarida qabul parametrlari, taʼlim dasturlari, oʻquv jarayonlari hamda ilmiy salohiyatni sifat jihatidan yaxshilash, ularni zamonaviy mehnat bozori ehtiyojlariga moslashtirish eng asosiy masalalardan biri ekanligini ham uqtirdi.

Shu bois taqdimotda nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatishni tartibga solish, litsenziyalash tizimini takomillashtirish hamda davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish boʻyicha yangi tizimni joriy etishga qaratilgan takliflar muhokama qilindi.

Bu borada ilgʻor xorijiy tajribalar asosida ikki bosqichli litsenziyalash tizimiga oʻtish, taʼlim dasturlarini maxsus akkreditatsiyadan oʻtkazish hamda har besh yilda kompleks davlat akkreditatsiyasini tashkil etish boʻyicha takliflar bildirildi.

Shuningdek, taqdimotda rivojlangan davlatlarning eng ilgʻor tajribasidan kelib chiqqan holda, taʼlim sifatini tashqi baholash bilan shugʻullanuvchi alohida mustaqil tuzilma tashkil etish hamda sifat nazoratining shaffof, xolis va adolatli tizimini joriy qilish tashabbusi ham ilgari surildi.

Taʼlim sifatini taʼminlash va tashqi baholashning joriy etilishi kasbiy va oliy taʼlim muassasalarida oʻqitish samaradorligi va ilmiy salohiyatni oshirib, ularning xalqaro reytinglardagi oʻrnini yaxshilashga xizmat qilishi toʻgʻrisidagi mulohazalar hech qachon oʻz qiymatini yoʻqotmaydi.

 

          RAHIMBOY JUMANIYOZOV,

"TIQXMMI" MTU professori,  Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari aʼzosi